Yangiliklar

img
Fri, 01/06/2023 - 21:00

Koreya universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanadi

2023-yil ToshDO‘TAU jamoasi uchun ancha samarali boshlanmoqda. Xususan,  6-yanvar kuni universitetimizga Janubiy Koreyaning Hosan universiteti prezidenti janob Kim Jae Hyun boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki OTM hamkorlikda yangi ta'lim yo‘nalishlari tashkil etish,  istiqbolli sohalarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishishdir.  Mehmonlarni ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinov va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi.  Suhbat avvalida Shuhrat Sirojiddinov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining asosiy maqsad hamda vazifalari, kelgusidagi rejalari haqida ma'lumot berdi.  Shundan so‘ng Hosan universiteti rektori  Kim Jae Hyun ham o‘zi rahbarlik qilayotgan ta'lim dargohi haqida so‘zladi.  Hosan universiteti Janubiy Koreyadagi xususiy oliy o‘quv yurti bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. Universitet  asosan aholiga xizmat ko'rsatish sohalari bo'yicha mutaxassislar tayyorlaydi.
Hosan universiteti global konvergensiya va global ilg'or muhandislik bo'limlaridan iborat. Ushbu OTMda jahonning eng nomdor restoran va mehmonxonalar uchun oshpazlar, mahoratli stilistlar, dizaynerlardan boshlab, radiologiya va hamshiralik ishi bo'yicha ham mutaxassislar tayyorlanadi.


Ikki universitet rahbarlari yaqin kelajakda xizmat ko‘rsatish sohalari va ijtimoiy faoliyat turlari bo‘yicha ta'lim yo‘nalishlari tashkil etish bo‘yicha muzokara olib bordilar.


Suhbat yakunida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.