Konstitutsiya — erkinlik va mas’uliyat ramzi
2025-yil 5-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiya kunining ahamiyati, uning jamiyat va davlat taraqqiyotidagi o‘rni, yoshlar ongida huquqiy madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirni Yoshlar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Eshbo‘riyev ochib berar ekan, Konstitutsiya nafaqat davlat boshqaruvining asosiy huquqiy poydevori, balki fuqaro huquq va erkinliklarini ta’minlovchi oliy qadriyat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u asosiy qonunning mazmun-mohiyatini chuqur anglash jamiyatda qonun ustuvorligini qaror toptirishga, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qo‘shishini alohida qayd etdi.
Dastur davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, qisqa ma’ruzalar, ijodiy chiqishlar va fikr-mulohazalar tadbirga boy mazmun bag‘ishladi. Konstitutsiyaga oid qiziqarli savollardan iborat viktorina (“quiz”) ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning huquqiy bilimini mustahkamlashga xizmat qildi. Talabalar o‘z chiqishlarida Konstitutsiyaning yoshlar hayotidagi o‘rni, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishdagi ahamiyati haqida o‘z qarashlarini bayon etdilar.

Tadbir ko‘tarinki ruhda, ma’rifat va hurmat muhitida o‘tdi. Unda ishtirok etganlar Vatanga sadoqat, qonunga hurmat, fuqarolik burchiga mas’uliyat bilan yondashish kabi tuyg‘ularini yana bir bor mustahkamlab qaytdilar. Mazkur uchrashuv yoshlarda huquqiy madaniyatni yanada rivojlantirishga, Konstitutsiyaga nisbatan chuqurroq ehtirom uyg‘otishga xizmat qildi.


