Yangiliklar

img
Tue, 06/27/2023 - 07:59

Kompyuter lingvistikasi mutaxassisligining bitiruvchilari himoyasidan

26-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasida 2022-2023-o‘quv yili 70230801 – Kоmpyuter lingvistikasi mutaxassisligi bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyasi himoyasi bo‘lib  o‘tdi. 
Kafedra mudiri, texnika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent B.Elov, texnika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent P.Alayev, kafedra dotsenti, f.f.d. Sh.Hamroyeva, f.f.d. Sh.Gulyamova, filologiya fanlari bo‘yicha PhD O.Abdullayeva rahbarligida olib borilgan magistrlik dissertatsiyalari kafedra jamoasi tomonidan ishlanayotgan amaliy loyihalarda joriy etildi.


Himoyaga olib chiqilgan mavzular kompyuter lingvistikasining dolzarb muammolari, jumladan, “O‘zbek-ingliz tillari parallel korpusini yaratishning lingvistik va  dasturiy tamoyillari” (Amirkulov Ma’rufjon), “Mashina tarjimasi lingvistik ta’minoti uchun o'zbek-ingliz sinonimlar bazasini yaratish” (Salomov Abbos),  “O‘zbek tilidagi gaplarda so‘z tartibi analizatorini yaratish (sodda gaplar misolida)” (Raxmonova Mohira), “O‘zbek tili tovush o‘zgarishlarining lingvistik bazasini yaratish” (Berdiyeva Habiba), “Oʻzbek tilidagi grammatik omonimlarni modellashtirish” (Suyunova Malika) yechimiga qaratilgani hamda mazkur mavzularda magistrlik dissertatsiyasi bilan birga lingvistik va dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani diqqatga sazovor. 


Shuningdek, magistr-bitiruvchilar “O‘zbek tili tokenizatorini yaratish”, “O‘zbek tili matnlarini antiplagiatga tekshirish dasturiy vositasini ishlab chiqish”, “Sketch Engine korpus menejeri vositasida Abdulla Qahhor mualliflik korpusini ishlab chiqish”, “Terminologik tezaurus va uning ilovasini ishlab chiqish” kabi mavzularga ham alohida e’tibor qaratishdi.
 

 

Mazkur dissertatsiyalar o‘zbek tiliga avtomatik ishlov berish (NLP)ning dolzarb masalalri yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatli.