“Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
Joriy yilning 22-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi tomonidan “Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda Turkiya, Rossiya, Qozog’iston kabi davlatlar olimlari hamda universitetimiz professorlari kompyuter lingvistikasi sohasiga doir ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Konferensiyani universitetimiz rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ma’naviyat va davlat tili masalalarini rivojlantirish departamenti ma’sul xodimi G‘ofir Hamrayev, O‘zR Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odinaxon Jamoliddinova, O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nasiba Mamaraimova, ToshDOʻTAU ilmiy ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zaynabidin Abdirashidov, Qozog'iston Respublikasi Oqtube davlat universiteti professori, f.f.d. Muratbek Bagila Qurmanbek qizi, Istanbul texnika universiteti professori, texnika fanlari doktori Eshref Adali, Manisa Jalol Bayar universiteti filologiya fanlari doktori Yasin Karadeniz tabrik so'zlarini bildirishdi hamda o'zbek kompyuter lingvistikasining jadal ravishda rivojlanayotganini e'tirof etishib, keyingi ishlarda muvaffaqiyatlar tilashdi.
Konferensiya o‘zbek kompyuter lingvistikasining xalqaro tadqiqotlar bilan boyishi, yosh mutaxassislar qamrovining kengayishi, ilg‘or tajribalarning o‘zlashtirilishi, til masalalarini kompyuter dasturlari orqali yechish yo‘nalishlarining rivoji va taraqqiyotiga ijobiy taʼsir etishi, korpus lingvistikasining rivojlantirilishi, tabiiy tilni qayta ishlash yo‘nalishida samarali tadqiqotlar olib borilishiga erishish maqsadida tashkillashtirildi.
Anjumanda morfoanalizatorni yaratish usullari, oʻzbek tilining ta’limiy korpusi imkoniyatlari, Alisher Navoiyning mualliflik korpusi, turkiy tillarning elektron platformasi taqdim etildi. Shu bilan birga korpus lingvistikasi, tabiiy tilni qayta ishlash (NLP), mashina tarjimasi, matnga qayta ishlov berish tizimlari, kompyuter lingvodidaktikasi, kompyuter leksikografiyasi, semantik tizimlar va lingvistik ontologiyalar, kompyuter lingvistikasida terminologiya va terminografiyasi kabi yoʻnalishdagi masalalar koʻrib chiqildi.