«Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim va istiqbollar» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi
2025-yil 24-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi tomonidan «Kompyuter lingvistikasi: muammolar, yechim va istiqbollar» mavzusida V an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Ushbu konferensiyaning asosiy maqsadi o‘zbek kompyuter lingvistikasining xalqaro ilmiy-tadqiqotlar jarayoniga integratsiyasini ta’minlash, yosh mutaxassislarning qamrovini kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, til muammolarini kompyuter dasturlari yordamida hal etish yo‘nalishlarining rivojlanishiga hissa qo‘shish, shuningdek, korpus lingvistikasini rivojlantirish va tabiiy tilni qayta ishlash (NLP) sohasida samarali ilmiy izlanishlarni amalga oshirishni maqsad qilgan.
Konferensiya doirasida yalpi majlis va quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha munozaralar olib borildi: o‘zbek tilining formal grammatikasini yaratish, korpus lingvistikasi, tabiiy tilni qayta ishlash, mashina tarjimasi, matnni qayta ishlash tizimlari, kompyuter lingvodidaktikasi, kompyuter leksikografiyasi, semantik tizimlar va lingvistik ontologiyalar, terminologiya va terminografiya, shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi kompyuter lingvistikasining dolzarb muammolari.

Majlisda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov, Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Nodir Jo‘raqo‘ziyev, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova, shuningdek, xalqaro va milliy olimlar — professor Samixon Ashirboyev, professor Eshref Adali (Istanbul texnika universiteti), professor Sultonbek Normamatov, professor Suyun Karimov (Samarqand davlat universiteti), professor Baxtiyor Mengliyev (Toshkent amaliy fanlar universiteti), professor Zulxumor Xolmanova, professor Nilufar Abdurahmonova (O‘zbekiston Milliy universiteti), professor Guli Toirova (Buxoro davlat universiteti), hamda kafedra mudiri, texnika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent Elov Botir Boltayevich ma’ruza qildilar.

Shuningdek, majlisning yalpi qismini Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining filologiya fanlari doktori, professor Saodat Muhammedova olib bordi.
Sho‘ba majlislarida Aqto‘be regionallik universiteti (Qozog‘iston), Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU), TATU Samarqand filiallari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, doktorantlar, magistrantlar va mustaqil izlanuvchilar ishtirok etishdi.
Ushbu konferensiya mamlakatimiz va xalqaro ilmiy hamjamiyatlar o‘rtasida kompyuter lingvistikasining dolzarb muammolarini muhokama qilish, tajriba almashish va yangi izlanishlar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

