Yangiliklar

img
Fri, 10/16/2026 - 09:09

“Kelajak soati” mashg‘uloti: bilim, ma’naviyat va kelajak maqsadlari

2026-yil 15-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish hamda ularni hayotiy maqsadlarini aniq belgilashga yo‘naltirishga qaratilgan “Kelajak soati” mashg‘uloti tashkil etildi.

Mashg‘ulotda O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmonova ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruza davomida yosh avlodning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, bilim olishga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, zamonaviy dunyoqarashini shakllantirish hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, talaba-yoshlarning kelajakdagi faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishi, o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishi, ularga erishish yo‘lida izchil harakat qilishi va o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashi muhimligi ta’kidlandi. Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning mustaqil fikrlashi, bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol topishi dolzarb vazifalardan biri ekani qayd etildi.

 

“Kelajak soati” mashg‘ulotlari yoshlarning nafaqat bilim darajasini oshirish, balki ularning hayotiy qarashlarini shakllantirish, ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirish va kelajakdagi kasbiy faoliyatiga ongli yondashuvini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bunday ma’rifiy uchrashuvlar talabalarning o‘z ustida ishlashi, tashabbuskorligi va intiluvchanligini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.