Kelajak soati: Konstitutsiya talaba hayotida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Mening huquqlarim” mavzusiga bag‘ishlangan “Kelajak soati” mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda talabalarga inson huquqlari va erkinliklarining mazmuni sodda, hayotiy misollar orqali yoritildi. Mashg‘ulotning asosiy maqsadi talabalarda huquqiy ongni kuchaytirish, shaxsiy hayotda uchraydigan vaziyatlarda o‘z huquqlarini tanish va ulardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Ta’lim kreditlari, bepul o‘quv kurslari, sog‘liqni saqlash tizimidagi imkoniyatlar kabi kundalik hayotga yaqin misollar asosida huquq va imkoniyatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik yanada aniq va tushunarli tarzda tushuntirildi. “Kelajak soati”ning o‘n to‘rtinchi mavzusi Ijtimoiy gumanitar kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdulboqi Bozorov tomonidan o‘tilib, talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan asosiy qadriyatlar, “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash g‘oyalarining mazmuni hayotiy misollar bilan sharhlab berildi. Mashg‘ulotning amaliy qismida talabalar o‘z huquqlari va majburiyatlarining uyg‘unligi, shaxsiy hayotdagi mas’uliyat, oddiy turmush jarayonida huquqiy yondashuvni qo‘llash bo‘yicha faol fikr almashdilar. Ular o‘z huquqlari buzilgan taqdirda qaysi tashkilotlarga murojaat qilish mumkinligini, adolat va tenglik kabi tushunchalarning amaliy mazmunini yanada ravshanroq anglab oldilar. Dars jarayonida metapredmet yondashuvi qo‘llanilib, adabiyot fanida Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida huquq va burchning ma’naviy mazmuni ochib berildi, tarix fanida esa Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, mustaqillik yillarida yuz bergan o‘zgarishlar va Konstitutsiyaning qabul qilinishi haqida suhbatlar olib borildi. Shu bilan birga, birinchi dekabr kuni O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi ustozlari Iroda Ishonxonova va Mahliyo Elboyeva Yangihayot tumanidagi otiz uchinchi maktab hamda Yashnobod tumanidagi bir yuz qirq to‘qqizinchi maktabda “Mening huquqlarim” mavzusida “Kelajak soati” mashg‘ulotini o‘tkazdilar. Dars davomida o‘quvchilar bilan qizg‘in savol javoblar bo‘lib o‘tdi, konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha mulohazalar bildirildi, turli hayotiy vaziyatlardan kelib chiqqan fikr almashuvlari tashkil etildi. Mashg‘ulot yakunida talabalar huquq, erkinlik va majburiyat tushunchalarini farqlash, konstitutsiyaviy huquqlarni hayotiy misollar bilan tushuntirish, kundalik vaziyatlarda huquqiy yondashuvni qo‘llash, o‘z huquq va burchlari haqida nutq yoki taqdimot tayyorlash ko‘nikmalarini egalladilar. O‘tkazilgan mashg‘ulot talabalarda qonunga hurmat ruhini mustahkamlashga, adolat, tenglik va inson sha’nini ulug‘lash kabi yuksak qadriyatlarni chuqurroq anglashga xizmat qildi.



