Yangiliklar

img
Fri, 12/12/2025 - 11:55

“Kelajak soati” doirasida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza tashkil etildi

2025-yil 10-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Kelajak soati” loyihasi doirasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent v.v.b Anvar Qoraboyevich Buranov ishtirok etib, talabalarga mazmunan boy va qiziqarli ma’ruza o‘qib berdi.
Ma’ruza davomida Anvar Qoraboyevich avvalo “Madhiya” hamda “Davlat madhiyasi” tushunchalarining tarixiy shakllanishi, ularning har bir davlat hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. U madhiyaning faqat rasmiy marosimlardagi qo‘llanilishi bilangina cheklanib qolmasdan, balki jamiyatda fuqarolik tuyg‘usini mustahkamlovchi kuch sifatida tutgan o‘rni haqida ham batafsil tushuntirib o‘tdi.
Shuningdek, ma’ruzachi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi”ning mazmun-mohiyati, undagi har bir so‘zning milliy g‘oya va qadriyatlarimizni ifodalashdagi o‘rni haqida fikr yuritdi. Talabalar madhiyani anglash, uni qadrlash va undan faxrlanish zarurligiga oid muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.

  

Tadbir davomida davlat madhiyasidan foydalanish tartib-qoidalari, madhiyaga nisbatan hurmat-ehtirom ko‘rsatish madaniyati ham yoritib berildi. Anvar Qoraboyevich madhiyaning xalqning birligi, g‘ururi va orzu-intilishlarini mujassamlashtiruvchi muhim ramz ekanini alohida ta’kidladi.

  

Mashg‘ulot jarayonida talabalar mavzu yuzasidan turli tarixiy dalillar, misollar hamda audio-video manbalar bilan tanishdilar. “Kelajak soati” doirasida tashkil etilgan ushbu ma’ruza talabalarda davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat, vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qildi.