Kechki ta'lim shakli talabalari bilan ochiq muloqot
13-oktabr kuni Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti kechki ta’lim shaklida tahsil oluvchi talabalar bilan universitet rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Yig‘ilishda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S. Normamatov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori N. Jo‘raqo‘ziyev, fakultet dekani M. Abdullayeva, yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari J. Norqo‘ziyev, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A. Ruziyev, Ona tili va adabiyot ta’limi kafedrasi mudiri G. Jo‘rayevalar ishtirok etishdi.
Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S. Normamatov ochib berdi. Kredit-modul tizimi, HEMIS platformasi haqida talabalarga batafsil ma’lumot berdi. Talabalarning joriy, oraliq va yakuniy nazoratlari tartibi, o‘quv jarayoni, davomati haqida ham fikrlar bildirdi. Shuningdek, ichki tartib qoidalar, ta’lim bo‘yicha universitet nizomi haqida ham axborot yetkazildi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Jo‘raqo‘ziyev universitetda azaldan davom etib kelayotgan ustoz-shogird an’anasi haqida so‘z yuritdi. Ilmiy rahbar tanlash kerakligi, ilmiy maqolalar yozish va ularni mahalliy va xalqaro konferensiyalarda e’lon qilish tartibini tushuntirib berdi. Nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalarini chop etish davr talabi ekanligi haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Fakultet dekani M. Abdullayeva kechki va kunduzgi ta’lim shakli bi-biridan farq qilmasligi, universitetda barcha talabalar bir xil sharoitda o‘qishlarini aytib o‘tdi. Universitetda har charshanba to‘garaklar kuni ekanligini, talaba xohlagan to‘garagiga kelishi mumkinligini qayd etdi. To‘garaklar, tadbirlar va tanlovlarda faol bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

Yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari J. Norqo‘ziyev talabalarning turar joylaridagi holat, ijara uylaridagi ahvol haqida so‘z yuritdi. Turli xil yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, ota-ona va Vatan oldidagi burchni unutmaslik kerakligini aytib o‘tdi. Muammoli vaziyatlar va ko‘ngilsiz holatlarda dekanatga murojaat qilish va yordam olish mumkinligini qayt etdi.

O‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari A. Ruziyev darslarga o‘z vaqtida kelish, berilgan topshiriqlarni bajarish, o‘quv xonalarini ozoda saqlash, shuningdek, yurish-turish madaniyatiga amal qilish kerakligini bildirdi.

Ona tili va adabiyot ta’limi kafedrasi mudiri G. Jo‘rayeva esa talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida universitetda sport zali, kutubxona va mustaqil ta’lim zali faoliyat olib borayotganligini qayd etdi.
Talabalar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi. Bildirilgan takliflar inobatga olindi. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishda amaliy ko‘mak berishga kelishildi.


