Kafedralarning ilmiy faoliyatidan
2023-yil 11-yanvar kuni O‘zbek tili ta’limi fakulteti O‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili ta’limi kafedrasida nazariy-metodologik seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Muyassar Saparniyazova “Ayrim o‘zbek ismlarining imlosiga doir”, katta o‘qituvchi Gulbahor Iskandarova “O‘zbek tilini xorijliklarga o‘qitishda o‘yin texnologiyalarining o‘rni” mavzularida ma’ruza qilishdi. Bugungi globallashuv sharoiti millatning eng muhim qadriyatlaridan biri bo‘lmish kishi ismlarini millat tili lug‘at fondi, milliy va diniy qadriyatlar asosida va ularga mos tarzda muntazam boyitib borilishini taqozo qiladi. Seminarda universitetda bajarilayotgan “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar, Adliya vazirligi tizimidagi FHDY bo‘limlari bilan o‘tkazilgan tadqiqotlar, ismlarni qayd qilish jarayonidagi muammolar, ismlar imlosi va ma’nolari izohidagi ayrim masalalar tahlil qilindi. Seminar bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilar o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishdi.