Kafedralar huzurida maxsus ko‘rgazmali auditoriyalar tashkil etilmoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov universitet kafedralarining faoliyati, ular uchun ajratilgan maxsus ko‘rgazmali auditoriyalarning shaylik holati va mazkur xonalardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot davomida “Jahon adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon”, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Folklorshunoslik va dialektologiya” kabi kafedralar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali auditoriyalar ko‘zdan kechirilib, ularning mazmun-mohiyati, konseptual yechimi va kafedralarning ilmiy faoliyatini aks ettirish darajasi tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur auditoriyalar shunchaki ko‘rgazmali xona yoki tarixiy materiallar namoyish etiladigan makon bo‘lib qolmasligi lozim. Ular kafedralarning ustuvor ilmiy-ta’limiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, dars mashg‘ulotlari, ilmiy seminarlar, ijodiy va ilmiy uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda turli ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkaziladigan faol ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Shu nuqtayi nazardan, har bir auditoriyaning mazmuni uni tashkil etgan kafedraning o‘ziga xos ilmiy yo‘nalishlari, ilmiy maktabi, tadqiqotlari va faoliyatiga uyg‘un bo‘lishi, xona dizayni va ko‘rgazmali materiallari esa auditoriyaning amaliy vazifalari bilan birgalikda shakllantirilishi lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, kafedralarning o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda universitetning 10 yillik yubileyiga tayyorgarlik doirasidagi ishlarni sifatli tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama yakunida mas’ullarga maxsus ko‘rgazmali auditoriyalarni belgilangan konsepsiya asosida takomillashtirish, ularni kafedralar faoliyatining doimiy va faol ilmiy-ta’limiy maydoniga aylantirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

