Jamoldinova Odinaxon Rasulovna
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor
Pedagogika fanlari doktori, professor Jamoldinova Odinaxon Rasulovna 2023-yil fevral oyidan buyon Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda. Jamoldinova Odinaxon Rasulovna 1992-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini pedagogika va psixologiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1997-yilda nomzodlik, 2015-yilda doktorlik (DSc) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi lavozimida ishlagan davrda ta’lim muassasalarida yetakchilar faoliyatini takomillashtirish, “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarini qo‘llab-quvatlash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va o‘rtasida sog‘lom turmush madaniyatini targ‘ib etishga asosiy e’tiborni qaratdi.
2015-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida mamlakatimizda fan, ta’lim, madaniyat sohasiga oid qonunchilikning takomillashtirilishi va yangi tahrirdagi qonunlarning tayyorlanishida samarali faoliyat olib bordi.
2020-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat olib bordi.
Faoliyati davomida 2021-yil Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan respublika tanlovlarida “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim” hamda ma’naviy-ma’rifiy sohada “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlarida faxrli o‘rinlarni egalladi.
Pedagogik faoliyati davomida talabalarga umumiy pedagogika, pedagogika tarixi, pedagogik texnologiyalar, ijtimoiy pedagogika, maktabgacha pedagogika, umumiy psixologiya, bolalar psixologiyasi, pedagogik-psixologiya fanlaridan ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini o‘tib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi PF-3837-son “Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan Oliy attestatsiya komissiyasining Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi muassasligidagi O‘zbekistonda oliy ta’lim jurnali tahrir kengashi a’zosi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq 2021-yilda «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Oqila ayollar” Respublika Kengashi a’zosi. Samarali mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Mavjlisi Qonunchilik palatasining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
O.Jamoldinova pedagogika sohasida chop etilgan 100 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta uslubiy qo‘llanma, 3 ta monografiya, 2 ta risola muallifi.