
“Jadidchilik: ahamiyati, talqini va muammolari” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi
2024-yil 14-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi tomonidan “Jadidchilik: ahamiyati, talqini va muammolari” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkil etildi.
Mazkur anjumanning asosiy maqsadi jadidchilik tarixi, uning xorijda o‘rganilishi va targ‘ibotini kuchaytirish, jadidchilik bilan shug‘ullanayotgan xorijlik olimlar bilan fikr almashish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat edi. Tadbirda mahalliy va xorijiy mutaxassislar o‘z ilmiy ishlanmalari, tadqiqotlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Anjumanda professor Bahodir Karimov o‘zbek jadid romanlariga oid ayrim fikrlarini xorijlik olimlar bilan bo‘lishdi. U o‘z ma’ruzasida jadid adabiyotining xalqimiz ma’naviy yuksalishidagi o‘rni haqida so‘z yuritib, Xalqaro Jadidchilik Markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu taklif xorijlik hamkorlar tomonidan iliq kutib olindi.
Turkiyadan tashrif buyurgan olim Veli Savash Yelok jadid yozuvchilarning turk tiliga qilingan tarjimalari haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z chiqishida “O‘tkan kunlar” romanining turk tilidagi tarjimasi misolida asardagi obrazlar va badiiy uslubni tarjimada muqobil aks ettirish masalalarini tahlil qildi. Uning tadqiqotlari ishtirokchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, taniqli yapon tarixchisi, professor Hisao Kumatsu yapon ilmiy jamoatchiligida jadidchilik harakati namoyondalari haqida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va targ‘ibot ishlari haqida ma’ruza qildi. U jadidlarning o‘z zamonasida amalga oshirgan ma’rifiy islohotlari yapon jamiyatiga qanday qiziqish uyg‘otayotgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Anjuman O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shu munosabat bilan f.f.d. Shuhrat Rizayev jadidlar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kinotalqinlar haqida gapirdi. U filmlarda jadidlarning siymosini badiiy va haqqoniy aks ettirish borasidagi o‘z takliflarini bildirdi. Shuningdek, tarixiy obrazlarni yaratishda zamonaviy kino texnologiyalaridan foydalanish muhimligini ta’kidladi.
Mazkur anjuman nafaqat jadidchilik tarixini o‘rganish va uni xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha fikr almashish maydoniga aylandi, balki xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Tadbir yakunida ishtirokchilar xalqaro miqyosda Jadidchilik Markazini tashkil etish, qo‘shma ilmiy loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarni belgilab oldilar.
Tadbir barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, jadidchilikka bo‘lgan qiziqishni yangi bosqichga olib chiqdi.