“Izsiz dunyo” she’riy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘sh davlat universiteti hamkorligida 2025-yil 25-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taniqli qirg‘iz shoiri, o‘z ijodi bilan turkiy adabiyot muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Melis Mamatjonovning “Izsiz dunyo” nomli yangi she’riy to‘plami taqdimoti tantanali tarzda o‘tkazildi.
Taqdimot marosimida Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbarlari, “O‘zbekiston–Qirg‘iziston” do‘stlik jamiyati a’zolari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qirg‘iz diasporasi vakillari, shuningdek O‘zbekiston va Qirg‘izistonning taniqli ijodkorlari qatnashdi.
Tadbir davomida universitet qoshidagi Chingiz Aytmatov nomidagi qirg‘iz tili va madaniyati markazi rahbari Ra’no Isomiddinova so‘zga chiqib, qardosh elatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi. U markaz faoliyati, o‘quv jarayonida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-adabiy hamkorlik hamda kelgusidagi istiqbolli rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek,Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining AFF va Ijtimoiy ish yo‘nalishi 1-bosqich talabalari tomonidan taqdim etilgan ijodiy chiqishlar bo‘ldi. Talabalar qirg‘iz va o‘zbek tillarida she’rlar o‘qib, milliy raqslarni ijro etdilar. Ularning mahoratli chiqishlari nafaqat tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi, balki universitetda yoshlarga san’at va madaniyatga bo‘lgan e’tibor yuqoriligini yanada yorqin namoyon qildi.

Uchrashuv yakunida shoir Melis Mamatjonov o‘z ijodiy jarayoni, “Izsiz dunyo” to‘plamining yaratilish tarixi va undagi badiiy g‘oyalar haqida so‘zlab berdi. Tadbir butun o‘quv jamoatchiligi uchun qirmizi rishtalar bilan bog‘langan o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqalarining yana bir muhim qadami sifatida ahamiyatli bo‘ldi. Shu bilan birga, u Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining xalqaro madaniy hamkorlikdagi faol va tashabbuskor mavqeini yana bir bor tasdiqladi.


