
Izmir universiteti tadqiqotchisi talabalar bilan ma'ruza mashg'uloti olib bordi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida Turkiyaning Izmir davlat universiteti o'qituvchisi Arzu Ajar mehmon bo'ldi. Turkiyalik pedagogni universitetimiz Xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova kutib oldi. Arzu xonim mezbonlar bilan o'zbek tilida ravon so'zlashdi. Suhbat davomida u o'zbek olimlarining mavzuga oid qimmatli ma'lumotlarini tinglashni, ularning masalahatlarini tinglab, o'z malakasini oshirish niyatida ekanligini bildirdi. U ayni paytda "Xorazm dostonchilik an'anasi" mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Universitetimizga kelishdan asosiy maqsad o'zbek olimlari bilan tadqiqot ishi doirasida fikr almashish va mavzuga doir yangi ma'lumotlarni o'rganishdan iborat.
Qizg'in suhbatdan so'ng tadqiqotchi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti to'rtinchi bosqich talabalariga "Turkiy xalqlarda dostonchilik" mavzusida ma'ruza mashg'uloti o'tkazdi. Dars davomida u talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.