Isteʼdodli tarjimon bilan uchrashuv
Joriy yilning 25-yanvarida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Pushkin nomidagi rus tili va madaniyati markazida isteʼdodli tarjimon, yozuvchi, pedagogika fanlari nomzodi Nikolay Dmitriyevich Ilin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchilari, Markaz faollari ishtirok etdi. Uchrashuvda Alisher Navoiyning 581yilligi, Abdulla Oripovning 81 yilligi munosabati bilan sheʼrlar oʻqildi. Kechada Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo'shayotgan mohir tarjimon oʻzining yangi toʻplamlaridagi sheʼrlardan oʻqidi, asarlardan qilingan tarjimalarni oʻz ichiga olgan kitoblaridan, jumladan, Choʻlpon, Abdulla Oripovning sheʼrlaridan tarjimalarni oʻz ichiga olgan kitoblarni kafedraga va til markaziga taqdim etdi.
Shu bilan birga Xorijiy tillar kafedrasi mudiri N.Rashidova soʻzga chiqib, betakror oʻzbek sheʼriyati bilan nafaqat rusiyzabon kitobxonlarni, balki butun ilm ahlini, sheʼriyat muxlislarini tanishtirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan olimning kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi. Ustozlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga rus va oʻzbek tillarida sheʼriy javoblarni olishdi. Ushbu uchrashuv kafedra ustozlari, adabiyotshunoslar uchun tarjima sohasidagi keng qamrovli ishlarning debochasi hisoblanadi.



