Yangiliklar

img
Wed, 05/25/2022 - 15:45

Isajon Sulton qalamiga mansub kitob taqdimoti bo'lib o'tdi

Joriy yilning 25-may kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton qalamiga mansub “Maʼsuma” romanining taqdimoti bo’lib o’tdi.

“Maʼsuma” romani tariximizning “jadidlik” deb atalgan eng murakkab davri, vatanparvar ota-bobolarimizning yurt ozodligi va xalq hurriyati yoʻlidagi fidoyiligi, mamlakat ravnaqi yoʻlida amalga oshirgan ibratli ishlari hamda birinchi oʻzbek aktrisasi Maʼsuma Qoriyevaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi.

Taqdimotda romanning yaratilish jarayoni va uning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi. Ma’lumki, taniqli sahna ustasi Ma’suma Qoriyeva urushdan oldingi yillarda sobiq Hamza teatrining yetakchi artistlaridan biri bo‘lgan. Uning qaynotasi – jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi Abduvohid qori, qayin ukasi – iste’dodli shoir Oltoy Qoriyev, turmush o‘rtog‘i – Madaniyat vazirligi san’at boshqarmasining boshlig‘i Bosit Qoriyev 30-yillarda nohaq siyosiy qatag‘onga uchraydi. Qaynotasi va eri o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Yurtga yov bostirib kelgan og‘ir kunlarda Ma’suma Qoriyeva o‘z boshiga tushgan fojiani unutib, ikki farzandi – Shavkat va Botir Qoriyevlarni fashizmga qarshi jangga yuboradi. O‘zi esa hozirgi O‘zbek milliy teatrida kasaba uyushmasiga rahbarlik qilib, g‘oyat og‘ir davrda xodimlarni moddiy ta’minlash uchun jonbozlik ko‘rsatadi. Urush tugaydi, lekin Ma’suma ayaning farzandlaridan darak bo‘lmaydi. Mushtipar ona ularning izlarini izlab Moskvaga boradi. U yerda ikkala o‘g‘li ham janglarda halok bo‘lganini aniqlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, urushda ko‘rsatgan jasorati uchun Shavkat Qoriyev “Qizil bayroq” ordeni, Botir Qoriyev esa “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan ekan. Ming afsuski, Ma’suma Qoriyeva u paytda bundan bexabar edi. Onaizor farzandlari dog‘ini ko‘tarolmasdan, 1946-yili Moskvada vafot etadi.

Mazkur kitob taqdimotida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid,  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov,

universitet professori Bahodir Karimov va boshqa adabiyotshunos olimlar soʻzga chiqib, roman haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Taqdimot ishtirokchilariga muallif Isajon Sulton tomonidan “Ma’suma” romani tuhfa qilindi.