
Internet va tahdidlar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 6-hafta doirasida “Ma’rifat darsi” yuksak saviyada o‘tkazildi. Mazkur mashg‘ulot “Internet va tahdidlar” mavzusiga bag‘ishlanib, talabalarning raqamli savodxonligini oshirish, internetdagi xavf-xatarlar haqida xabardorligini kuchaytirish va ularni ongli, mas’uliyatli internet foydalanuvchisi sifatida tarbiyalashga qaratildi.
Darslarni universitet Kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalar kafedrasi mudiri, texnika fanlari nomzodi Botir Elov olib bordi. U mashg‘ulot davomida internetdagi asosiy tahdidlar — shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi, soxta xabarlar, onlayn firibgarlik, kiberjinoyatlar, ijtimoiy manipulyatsiya va radikallashuv kabi xavfli holatlar haqida talabalarga batafsil ma’lumot berdi.
Mashg‘ulot interaktiv shaklda o‘tib, videolavhalar, savol-javoblar va muammoli vaziyatlarni tahlil qilish orqali talabalar faol ishtirok etishdi. Dars jarayonida “Texnoplov” blogeri Sa’dulla Abdullayevning internetdan foydali foydalanish haqidagi hikoyasi muhokama qilinib, texnologiyalarning inson hayoti va tafakkuriga ta’siri yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, “Apple Authorized Training Center for Education” loyihasi misolida raqamli sohadagi zamonaviy o‘quv imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Mashg‘ulot yakunida talabalar internetdan foydalanishda ehtiyotkorlik, tanqidiy fikrlash va axborot madaniyatining ahamiyatini chuqur anglab yetdilar. Ular shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, onlayn tahdidlar bilan duch kelganda to‘g‘ri yo‘l tutish va ijtimoiy tarmoqlarda mas’uliyat bilan ishtirok etish zarurligi haqida xulosa chiqardilar.
Universitetda bunday “Ma’rifat darslari” muntazam ravishda o‘tkazilib, yoshlarning raqamli madaniyatini yuksaltirish, ularni texnologiyalarni xavfsiz va samarali ishlata oladigan zamonaviy mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.