Yangiliklar

img
Mon, 05/09/2022 - 19:47

Inson aziz, xotira muqaddas!

Xotira bor ekan – millat barhayot!


Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi. Joriy yilning 9-may kuni G‘alaba bog’ida Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Mazkur marosim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrifi bilan ochiq deb eʼlon qilindi.

Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi. Davlatimiz rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qoʻydi.  Bogʻda Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam boʻldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatda xalqimizga tabriklarini yoʻlladi.

– Bugun ushbu Gʻalaba bogʻida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlugʻ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida taʼzim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bagʻishlagan serqirra hayot yoʻli kelgusi avlodlar uchun oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan buyuk merosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jarayon davomida mazkur marosimga yig'ilgan xalq uchun ma'rifiy tadbir namoyish etildi.

Unda O'zbekiston xalq artistlari ham ishtirok etdi. Jarayonda ikkinchi jahon urushi voqealari jonli film tarzida ijro etildi.

Tomoshabinlar sahna ko'rinishini ko'zida yosh, yuragida faxr-iftixor bilan tomosha qilishdi. Urush yillaridagi qiyinchiliklar, azob-uqubatlar so'zsiz yuzdagi ifodalar barchaning qalbida nafrat uyg'otdi. 

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada xalqimizning ham mardonavor va salmoqli hissasi unutilmas haqiqatdir.

Bugungi marosim butun xalq uchun chin ma'noda ibrat maktabi bo'la oldi. Hozirgi tinch hayotimizning qadriga yetishimizni anglashimiz ham juda muhimdir! Ushbu sahna ko'rinishi yakunida tinch-totuv yashayotgan hayotimiz aks etgan bolalar raqsi ijro etildi. 

Muxtasar qilib aytganda, ajdodlar ruhiga hurmat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biridir. Xotira – muqaddas va aziz tuyg‘u. Xotirlash bu har bir insonning yaqinlarini qadrlash, bu olamdan o‘tib ketgan insonlarni eslash va ularning xaqqiga duo qilishdir. Xalqimizda “Qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydi. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.