Yangiliklar

img
Fri, 12/05/2025 - 22:56

Inklyuziv xalqarolashtirish: oliy ta’lim dasturlarida imkoniyat va tenglikni kengaytirish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ToshDO‘TAU hamkorligida 2025-yil 4–5-dekabr kunlari Yevropa Ittifoqining Texnik yordam missiyasi doirasida “Inklyuziv xalqarolashtirish: oliy ta’lim dasturlarida imkoniyat va tenglikni kengaytirish” mavzusida ikki kunlik seminar o‘tkazildi. Tadbir Erasmus+ dasturining oliy ta’lim sohasidagi islohotlar bo‘yicha ekspertlari HERE (Higher Education Reform Experts) faoliyati doirasida tashkil etildi va O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida inklyuziv xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.  Seminarning ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Erasmus+ Milliy ofisi rahbari Aziza Abdurahmanova hamda ToshDO‘TAU prorektori, HERE eksperti professor Nozliya Normurodova ishtirokchilarga murojaat qilib, global ta’lim maydonida raqobat kuchayib borayotgan bir davrda inklyuzivlik va teng imkoniyat tamoyillarini xalqaro hamkorlik siyosatining ajralmas qismiga aylantirish zarurligini ta’kidladilar.

Seminarning asosiy ma’ruzachilari Yevropa oliy ta’lim makoni ekspertlari Ninoslav Shchukanets Shmidt va Ana Skledar Matyevich bo‘ldi. Ular birinchi sessiyada diversitet, adolat, inklyuziya va ijtimoiy yo‘nalish kabi tushunchalarning EHEA siyosatidagi o‘rni haqida ma’lumot berib, inklyuziv xalqarolashtirishning global ta’lim tizimidagi o‘ziga xos ahamiyatini tahlil qildi. Ularning ma’ruzalarida xalqaro mobillikda duch kelinadigan iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional to‘siqlar, talabalar ehtiyojlarini chuqur o‘rganish zaruriyati va xalqaro imkoniyatlarga kirishdagi tengsizliklarni kamaytirish mexanizmlari batafsil yoritildi.

Seminarda mezbon tashkilot sifatida ToshDO‘TAUning roli alohida e’tirof etildi. Seminar doirasida ToshDO‘TAU prorektori va HERE eksperti professor Nozliya Normurodova mazmunan keng, tahliliy va istiqbolga yo‘naltirilgan ma’ruza bilan chiqish qildi. U O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim maydoniga kirib borish jarayonidagi dolzarb vazifalar, milliy OTMlarning xalqaro hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari va inklyuzivlik tamoyillarini institutsional siyosatga chuqur singdirish zarurligi haqida fikr bildirdi. Normurodova xalqaro hamkorlikning bugungi bosqichida faqat reyting ortidan quvish emas, balki xalqaro ta’lim makonida maqomni mustahkamlash, turli toifadagi talabalar uchun adolatli imkoniyat yaratish, hamkorlik jarayonlarini ijtimoiy mas’uliyat bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi.

  

Seminarning asosiy ma’ruzachilari bo‘lgan Ninoslav Shchukanets Shmidt va Ana Skledar Matyevich Yevropa oliy ta’lim makoni doirasida inklyuziv siyosatlar, ijtimoiy o‘lcham, xalqaro hamkorlik va ta’lim sifati bo‘yicha yuksak tajribaga ega yetakchi ekspertlar hisoblanadi. Ninoslav Shchukanets Shmidt Yevropaning nufuzli ta’lim markazlarida faoliyat yuritib kelayotgan oliy ta’lim siyosati bo‘yicha ekspert bo‘lib, Xorvatiyadagi Ta’limni rivojlantirish instituti direktori sifatida oliy ta’lim tizimi rivojlanish strategiyalari, xalqaro hamkorlik, ijtimoiy o‘lcham, tenglik va adolat masalalarida siyosiy maslahatlar berib keladi. U EHEAda ijtimoiy o‘lcham bo‘yicha bir qator ishchi guruhlarga rahbarlik qilgan, Yevropa mamlakatlarida inklyuziv xalqaro ta’limni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarning yetakchi eksperti sifatida tanilgan. Uning ma’ruzalari ta’lim tizimida inklyuzivlikni kuchaytirish bo‘yicha real siyosiy mexanizmlar, indikatorlar, strategik rejalashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish kabi mavzularni qamrab oldi. Ana Skledar Matyevich oliy ta’lim siyosati, ijtimoiy o‘lcham, inklyuziv ta’lim, xalqaro hamkorlik va oliy ta’lim menejmenti bo‘yicha 25 yildan ortiq tajribaga ega ekspert bo‘lib, Ta’limni rivojlantirish institutida loyihalar va tadqiqotlarni boshqaradi. U Xorvatiya hamda EHEA miqyosida inklyuziv ta’lim, talabalar diversiteti, xalqaro hamkorlikdagi inklyuziv yondashuvlar, malaka doiralari va sifat kafolati kabi yo‘nalishlarda ekspert sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U seminar davomida inklyuziv mobillik amaliyotlari, ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan xalqaro ta’lim modeli va talaba ehtiyojlari asosidagi qo‘llab-quvvatlash tizimlari bo‘yicha chuqur tahlillar berdi.

  

Har ikkala ekspertning EHEA darajasidagi amaliy tajriba va siyosiy yondashuvlari seminarda qatnashgan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun dolzarb, amaliy va strategik jihatdan foydali bo‘ldi. Ularning siyosiy tajribadan kelib chiqib bergan tavsiyalari inklyuziv xalqaro hamkorlikni takomillashtirish, institutsional siyosatni kuchaytirish va O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini global standartlarga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

  

Seminarning ikkinchi kuni mazmunan yanada chuqur, tahliliy va strategik yondashuvlarga asoslangan bo‘lib, unda inklyuziv xalqarolashtirishni institutsional siyosatga integratsiya qilish, barqaror xalqaro hamkorlik modellarini shakllantirish va monitoring hamda baholash tizimlarini zamonaviy indikatorlar asosida takomillashtirish masalalari markazga qo‘yildi. Ekspertlar indikatorlar tizimining mohiyatini, talabalar ehtiyojlarini aniqlash bo‘yicha ma’lumot yig‘ish mexanizmlarini, inklyuzivlikni baholashda xalqaro tajribada qo‘llaniladigan tahliliy yondashuvlarni atroflicha tushuntirdi. Bu sessiyalar O‘zbekiston oliy ta’limi uchun inklyuzivlikni oddiy tashabbus emas, balki strategik boshqaruvning muhim elementi sifatida ko‘rish zarurligini yana bir bor namoyon etdi. Seminar yakunida ishtirokchilar inklyuzivlikni har bir OTMning strategik rivojlanish hujjatlariga kiritish, xalqaro hamkorlikni barqaror va o‘zaro manfaatli model asosida tashkil etish, mobilikda qo‘llab-quvvatlov xizmatlarini kengaytirish, imkoniyati cheklangan talabalar uchun alohida imkoniyatlar yaratish va inklyuzivlikni baholash uchun indikatorlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

  

Yevropa Ittifoqining Texnik yordam missiyasi HERE ekspertlariga milliy oliy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy va metodik ko‘mak berishga xizmat qiladi. Mazkur seminar O‘zbekiston oliy ta’limida inklyuziv xalqaro siyosatni rivojlantirish, xalqaro imkoniyatlarga kirishni kengaytirish va barcha talabalar uchun adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.