Yangiliklar

img
Wed, 06/07/2023 - 15:02

Imkoniyati cheklanganlar uchun cheklanmagan imkoniyatlar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat  o‘zbek  tili va adabiyoti universiteti aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining savodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha aniq mexanizm asosida faoliyat olib boradi.   BMTning barqaror rivojlanish (SDG)  bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.  Bu esa bizga bildirilayotgan ishonch va mas'uliyat demakdir.  Ayniqsa,  nogironligi bo‘lgan shaxslar,  imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha oldimizda qator vazifalar turibdi.  
Bundan bir necha oy muqaddam universitetimizga "O‘zbekiston karlar jamiyati" blogi asoschisi Ma'mur Axlidinov murojaat qildi.  U eshitishda nuqsoni bo‘lgan kishilar uchun o‘zbek tili kurslarini ochish tashabbusini bildirdi. 
Tabiiyki,  universitetimiz rahbariyati bunday ezgu tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi.  Katta shijoat bilan ezgu ishlarni boshlagan g‘oya muallifiga universitet tomonidan mashg‘ulotlar uchun barcha qulayliklarga ega auditoriya va o‘quv jarayoniga kerakli jihozlar taqdim etildi.  Avvaliga 3 oy, haftada ikki marta va ikki soatdan dars mashg'ulotlari olib borilgan bo'lsa,  ko‘pchilikning iltimosini inobatga olinib, kurslarni yana 6 oyga davom ettirildi. 
Kurs tashabbuskori o'z o'quvchilarini nafaqat ona tilidan, shu bilan birga  huquqiy savodxonligini oshirishga ham ko'maklashmoqda. Kuni kecha kurs o'quvchilari uchun inson huquqlari faoli,  huquqshunos Dilfuza Kurolova ma'ruza o'qidi. U o'z ma'ruzasida mamlakatimizda inson huquqlarini ta'minlash, ijtimoiy himoya mexanizmlari haqida ko'plab qiziqarli ma'lumotlarini o'rtoqlashdi.


Ushbu ma'ruza eshitishda nuqsoni bor yoshlar uchun ona tilimizni o'rgatish kurslarining birinchi davrini yakunlab berdi. Ammo tinglovchilarning iltimosi bilan kurslarni davom ettirish ko'zda tutilmoqda. 
Ushbu ezgu tashabbus yanada kengayib,  onlayn tarzda ham poytaxtdan uzoqda bo‘lgan imkoniyati cheklangan shaxslarga ilm olish imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.