
Ilmiy salohiyatni yanada oshirish yo‘lida
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘tgan yil sarhisobi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi OTMlari milliy reytingida birinchi pog’onani zabt etgan. Ammo bu bilan ilmiy salohiyatni oshirish borasidagi ishlar to‘xtab qolgani yo‘q, aksincha, endilikda xalqaro reytinglarda ham munosib o‘rin egallash uchun universitet jamoasi yangi marralarni ko‘zlamoqda. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada samarali tashkil etish va xalqaro ilmiy bazalarda maqolalar chop etish, nufuzli olimlardan iborat xalqaro ilmiy jamoatchilik e’tirofiga erishish uchun oldindagi vazifalarni hal etish mexanizmi ishlab chiqildi.
Universitet rektori tashabbusi bilan jamoadagi yosh va umidli , xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan bir guruh xodimlar uchun maxsus trening darslari tashkil etimoqda. Scopus, ISI Web of Science singari nufuzli ilmiy bazalarga kirgan jurnallarda maqola chop etish bo‘yicha amaliy va nazariy bilimga ega bo‘lish juda muhimdir. Eng dolzarb mavzudagi ilmiy maqola ham, agar ma’lum talablar asosida tayyorlanmasa, nufuzli jurnallarning tahrir hay’ati tomonidan rad etiladi. Bu esa olimning keyingi bosqichga qadam qo‘yishiga monelik qiladi. Shuni inobatga olgan holda, bu kechiktirib bo‘lmas muammoni ijobiy hal etish maqsadida xalqaro toifadagi ekspert-tadqiqotchilar tomonidan maxsus o‘quv mashg’ulotlari olib borilmoqda. Ushbu treninglar yakuniga qadar ishtirokchilar xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etish talablaridan tortib, nufuzli jurnalni qanday tanlash, h-indeks, impact factor, hirsh-indeks singari muhim indikatorlarda ijobiy natijaga erishish yo‘llari haqida batafsil bilimga va ko‘nikmaga ega bo‘ladilar.