Yangiliklar

img
Wed, 11/19/2025 - 11:23

Ilmiy maqola yozish va lingvistik tezaurus yaratish bo‘yicha amaliy seminar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Qozogʻistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professorlari – L.N. Gumilov nomidagi Yevro Osiyo Milliy universiteti (dunyo reytingida 317-oʻrin) Axborot texnologiyalari fakulteti Axborot tizimlari kafedrasi professori Madina Sambetbeyeva   hamda Maqsud Narikbayev universiteti Tarjimashunoslik va amaliy tilshunoslik kafedrasi professori Ainur Bayekeyeva ishtirokida tadqiqot metodologiyasiga bagʻishlangan ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.

Seminar ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda ilmiy izlanishlarni samarali olib borish strategiyalari keng yoritildi. Jumladan, tadqiqot jarayonida uchraydigan 5 asosiy xato, metodologiyani toʻgʻri tanlash, mavzu va maqsadni aniqlash, obyekt hamda predmetni belgilash, dissertatsiya yozish jarayonidagi psixologik toʻsiqlarni yengish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, Q1 va Q2 toifadagi ilmiy jurnallar uchun maqola yozish konsepsiyasi, maqolaning tuzilmasi va muhim jihatlari rangli tasnif asosida batafsil sharhlanib, ishtirokchilarga aniq algoritmlar taqdim etildi.

 

Seminarning ikkinchi qismida lingvistik ontologiyalar va tezauruslarni yaratishning ilmiy asoslari, sun’iy intellektni ishlab chiqishga tatbiq etishning dolzarbligi hamda konseptual xaritalar tuzishning zarurati haqida soʻz yuritildi. Qozoq tilidagi konchilik terminlariga oid tezaurus yaratish tajribasi misolida lingvistik baza shakllantirish texnologiyalari, tarjima dasturlarini takomillashtirish metodikasi namoyish etildi. Shuningdek, tezaurusga bagʻishlangan bir dissertatsiya materiali asosida tahlillar, tarkibiy elementlar va amaliy misollar tadqiqotchilarga ko‘rsatib berildi. Mazkur amaliy dalillar ishtirokchilar uchun ayniqsa foydali boʻldi.

 

Tadbir yakunida qozoq olimlari universitetimizdagi samimiy kutib olish va yuqori saviyadagi ilmiy muloqotdan mamnun ekanliklarini bildirdilar hamda kelajakda oʻzaro hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdilar.