Ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish boʻyicha seminar
2026-yil 26-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshida navbatdagi ilmiy-nazariy seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar kafedrada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini tizimlashtirish, yosh olimlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim ilmiy platforma sifatida tashkil etildi.
Seminar dotsent Mahmadiyor Asadovning “Google Scholar algoritmi va iqtiboslik dinamikasi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan boshlandi. Ma’ruzada Google Scholar platformasining ilmiy maqolalar, dissertatsiyalar, monografiyalar va konferensiya materiallarini qidirishdagi o‘rni atroflicha yoritildi. Xususan, ushbu platformaning ilmiy iqtiboslik ko‘rsatkichlarini shakllantirishdagi ahamiyati, tadqiqotchining ilmiy ko‘rinishi va akademik reytingiga ta’siri haqida muhim mulohazalar bildirildi. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun shaxsiy ilmiy profil yaratish, uni to‘g‘ri yuritish va ilmiy faoliyatni raqamli muhitda namoyon etish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarning keyingi qismida kafedraning tayanch doktorantlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar taqdim etildi. Jumladan, II kurs tayanch doktoranti Nigora G‘afforova o‘zbek va ingliz tillarida substantivatsiya hodisasining nazariy asoslari hamda tasnifi yuzasidan ma’ruza qildi. Unda ikki til tizimidagi umumiy va farqli jihatlar qiyosiy tahlil asosida yoritildi.

III kurs tayanch doktoranti Dilnoza Nurullayeva esa ma’dan nomlarining til sistemasida ifodalanishi, ularning semantik va struktur xususiyatlari borasida fikr yuritdi. Mazkur tadqiqot doirasida terminologik birliklarning shakllanishi va ularning til tizimidagi o‘rni ilmiy asosda tahlil qilindi.
Seminar davomida professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida erkin ilmiy muloqot muhiti shakllandi. Ma’ruzalar yuzasidan savol-javoblar, fikr almashuvlar hamda bahs-munozaralar ilmiy seminarning samaradorligini yanada oshirdi.

Mazkur ilmiy-nazariy seminar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, ularning tadqiqot faoliyatini izchil yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy maktablar uzviyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

