Yangiliklar

img
Tue, 10/18/2022 - 09:10

Ilk bor O'zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasi o'tkazildi

Soʼnggi yillarda mamlakatimizda va xalqaro miqyosda oʼzbek tilining nufuzi tobora yuksalmoqda.
Oʼzbek tilining jamiyatimizda keng qoʼllanilishi bilan bir qatorda xorijlik fuqarolar tomonidan oʼzbek tilini oʼrganishga qiziqish ortib bormoqda.
Bugungi kunda dunyoning 60 dan ortiq universitetlari va markazlarida oʼzbek tili kurslari faoliyat olib bormoqda. Ushbu markazlarni oʼzbekistonlik professor-oʼqituvchilar tomonidan yaratilgan oʼzbek tilini oʼrganishga oid adabiyotlar bilan taʼminlash tizimi yoʼlga qoʼyilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-6084-son Farmonining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni yanada yangi bosqichga olib chiqish imkonini berdi. 
 Mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “2020-2030 yillarda oʼzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022 -yillarda amalga oshirish dasturi”ning 32.1-bandi ijrosini taʼminlash, shuningdek, oʼzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʼ-eʼtiborini oshirish, fan va taʼlimdagi hamkorlikni kuchaytirish orqali chet ellik yoshlarning oʼzbek tiliga boʼlgan qiziqishini oshirish va ularni qoʼllab-quvvatlash maqsadida talabalar oʼrtasida Oʼzbek tili va adabiyoti boʼyicha Xalqaro fan olimpiadasini oʼtkazish yoʼlga qoʼyildi.


 Olimpiadada xorijiy va mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijiy davlat fuqarosi boʼlgan (millati oʼzbek boʼlmagan) bakalavr bosqichi talabalari ishtirok etdi.
Olimpiada har yili oʼtkazilishi belgilangan.


Bu yilgi Xalqaro olimpiadaga 10 ga yaqin davlatdan 45 nafar chet ellik talabgorlardan arizalar kelib tushganligi quvonarli albatta. Jumladan, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Аfgʼoniston, Qozogʼiston, Tojikiston, Yaponiyadagi oliy taʼlim muassasalarida oʼqiyotgan va oʼzbek tilini oʼrganayotgan talabalar ishtirok etdi.


Ularning bilim, koʼnikma va malakalari nufuzli Hakamlar hayʼati tomonidan baholandi. 


Hakamlar hayʼatida oʼzbek tili va adabiyoti boʼyicha chet ellik tajribali mutahassislar jalb qilindi. Xususan, Аzizulloh Аrrol (АQSh), Shafiqa Yorqin (Shvetsiya), Husayn Kaba (Turkiya), Аlmaz Ulvi Binnatova (Ozarbayjon), Toʼrali Qidir (Qozogʼiston), Darya Jigulskaya (Rossiya). Shuningdek, oʼzbek tili va adabiyoti boʼyicha Oʼzbekistonlik yetakchi olimlar ham hayʼat tarkibida ishtirok etdilar.

Xalqaro fan olimpiadasini oʼtkazishga Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti masʼul boʼlib, barcha tayyorgarlik ishlari olib borildi.

 
Xalqaro olimpiada Nizomiga muvofiq 2 turda tashkil etildi. 
1-tur – YOZMА IJODIY ISH TАYYORLАSH (Eng yuqori ball - 50 ball berildi. Topshiriqni bajarish uchun 1 soat vaqt ajratildi).
2-tur – OGʼZАKI SUHBАT (Tashkiliy qoʼmita tomonidan tasdiqlangan mavzular boʼyicha savol-javob tarzda ogʼzaki oʼtkazildi. Topshiriqqa tayyorlanish uchun har bir talabgorga 20 daqiqa ajratildi. Eng yuqori ball - 50 ball berildi).
Ushbu olimpiada o'zbek tili va madaniyatini jahon  maydonida keng yoyilishi barobarida milliy qadriyatlarimizni  targ'ib etishga ham xizmat qiladi.