Ijtimoiy ish – zo‘ravonlikka qarshimiz!
2025-yil 24-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni” doirasida “Ijtimoiy ish – zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida aksiya va davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatishda ijtimoiy xizmatlar rolini kuchaytirish hamda zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha choralarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir vazifalariga quyidagilar kiradi:
- Zo‘ravonlikning turlari, sabablari va oqibatlari haqida aholining xabardorligini oshirish;
- Zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha mavjud xizmatlar haqida ma’lumot yetkazish;
- Oldini olish borasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish;
- Davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash.
Ma’lumki, O‘zbekistonda 25-noyabrdan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik” tadbirlari boshlandi. Universitetda esa ushbu tashabbus “Psixologiya va sotsiologiya” kafedrasi tomonidan 24-noyabr kuni boshlab yuborildi.

Tadbir uch bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqichda universitet binosi kirish qismida devoriy ko‘rgazmalar, mavzuga oid tasvirlar va ramziy materiallar namoyish qilindi. Shuningdek, viktorina savollari orqali talabalar va xodimlarga maxsus belgilar tarqatilib, zo‘ravonlikka qarshi munosabatni ifodalashga imkon yaratildi.

Tadbir davomida zo‘ravonlikka oid dolzarb masalalar yoritildi va keng jamoatchilikni ushbu muammoning oldini olishga chorlovchi tashkiliy-amaliy ishlar olib borildi. Mazkur faoliyat jamiyatda xavfsiz va sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

