Huquqiy savodxonlik sari
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi hamda universitet ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi hamkorligida 1-talabalar yotoqxonasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan keng qamrovli davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Konstitutsiya qabul qilingan sana arafasida tashkil etilgani bois, unda nafaqat huquqiy ma’lumotlar, balki yoshlar ongida vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan mazmunli ma’ruzalar ham o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida kafedra professor-o‘qituvchilari Konstitutsiyaning yangi tahririda aks etgan asosiy o‘zgarishlar, ularning mazmun-mohiyati, davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha tushuntirish berishdi. Xususan, inson huquqlariga oid normalarning kuchaytirilgani, yoshlar manfaatiga xizmat qiladigan moddalar, ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga doir yangiliklar talabalarga batafsil yoritib berildi.
Tadbir davomida talabalar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi, turli mazmundagi fikr va mulohazalarini bildirshdi. Bu esa suhbatni yanada qiziqarli va samarali ruhda o‘tishiga xizmat qildi. Ustozlar tomonidan talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish, konstitutsiyaviy qadriyatlarni chuqur anglash, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Davra suhbati yakunida ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar yoshlarning Konstitutsiyaga hurmatini oshirish, Vatanga sadoqat, mas’uliyat, qonunlarga itoatkorlik kabi fazilatlarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Tadbir nafaqat bayramona ruhda, balki tarbiyaviy va ma’rifiy ahamiyatga ega tarzda o‘tdi hamda yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qildi.


