Hokimlik vakili talabalar bilan ochiq muloqot o'tkazdi
2025-yil 15-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Shahnoza Sultonova hamda Yakkasaroy tumani hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Dilfuza Rasulmuxamedova tashrif buyurishdi. Tashrifning asosiy maqsadi universitet hayoti, talabalar yashash sharoiti va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdan iborat boʻldi.
Mehmonlar avvalo talabalarning istiqomat qilayotgan yotoqxonasini koʻzdan kechirdilar. Ular yotoqxonaning umumiy holati, yashash xonalari, o‘quv va dam olish joylari, gigiyena, xavfsizlik va texnik xizmat koʻrsatish sharoitlari bilan tanishdilar. Shuningdek, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy o‘quv va maʼnaviy muhit, internetdan foydalanish imkoniyatlari, kutubxona burchaklari va jamoaviy ishlash xonalarining faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetda tashkil etilgan “Besh tashabbus xonalari” faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Bu xonalar yoshlarning intellektual, ijodiy, texnologik va jismoniy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Har bir tashabbus xonasida zamonaviy texnika vositalari, kompyuterlar, multimedia jihozlari, trening va seminarlar o‘tkazish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bu markazlar talabalarga startap g‘oyalarini ishlab chiqish, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, san’at va madaniyat yo‘nalishida o‘z iste’dodini namoyon etish, shuningdek, jamoatchilik faoliyatida faol ishtirok etish imkonini beradi.

Shuningdek, mehmonlar talabalar uchun yaratilgan boshqa qulayliklar — dam olish va muloqot hududlari, sport inshootlari, psixologik maslahat markazi hamda madaniy-maʼnaviy tadbirlar o‘tkaziladigan zal faoliyati bilan tanishdilar. Ular talabalarga yaratilgan imkoniyatlar yoshlarning har tomonlama barkamol rivojlanishiga xizmat qilayotganini e’tirof etdilar.
Tashrif doirasida “Rahbar ayol va yoshlar” mavzusida samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi, fikr va takliflarini bildirishdi. Muloqot ochiq, do‘stona va ilhomlantiruvchi ruhda o‘tdi.

Shahnoza Sultonova yoshlarni zamonaviy bilimlarni chuqur egallashga, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga, o‘z g‘oyalari bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga undadi. Uchrashuv yakunida talabalar va mehmonlar o‘rtasida hamkorlikni davom ettirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim muassasasida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

