Yangiliklar

img
Sat, 05/06/2023 - 18:08

Hayotning sahnadagi in'ikosi

Inson maʼnaviy olamini yuksaltirishda, ong va tafakkurini teranlashtirishda teatr sanʼatining oʻrni beqiyos. Teatr shunchaki oddiy tomoshaxona emas, balki tarbiya, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat maskanidir.
Shu ma'noda yurtimizning bir qator ta'lim muassasalarida tugayotgan haftada "Teatr haftaligi" o‘tkazildi. 
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari ham hafta davomida ko‘plab benazir spektakllar tomoshasida bo‘ldilar. 
Talabalarimiz 2-may kuni O’zbek milliy akademik drama teatrida  "O’zgalar dardi” spektakli namoyishida ishtirok etdilar. 


Nurillo Abbosxonning shu nomdagi ssenariysi asosida rejissyor Asqar Xolmo‘minov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda  nafaqaga chiqqan boʻlsa-da, hamon oʻzgalar dardi bilan yashaydigan Oliy toifali shifokor Zahro Samadovna haqidadir. Bu hayotiy asar talabalarda katta taassurot qoldirdi.


Hafta davomida, shuningdek, universitetimizdagi "Yog‘du" talabalar teatr studiyasi tomonidan "Dadajon demasman" spektakli namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Muallif Sanjarali Imomovning ta'sirchan ssenariysi asosida rejissyor Munavvara Abdullayeva tomonidan sahnalashtirilgan asar talabalarimiz tomonidan maromiga yetkazib ijro etildi. Asardagi voqealar tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan ham qadrlidir. 


6-may kuni Ozarbayjon teatr va kino sanʼatining shedevrlaridan biri boʻlgan “Qaynona” komediyası tomoshasi talabalarga juda manzur bo‘ldi. Muqimiy nomidagi O'zbekiston Davlat Musiqali Teatri bosh rejissori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan “Qaynona” spektakli namoyish etildi. Oʻzbek aktyor va akstrisalari repertuarlarida taqdim etilgan “Qaynona” spektaklida Jannat obrazini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Muhabbat Sotvoldiyeva, Ofat va Zarifa obrazlarini Gulasal Rahmonova, Ayoz obrazini Omon Yoʻldoshev, Sevdo obrazini Arofat Ergasheva, Ilgʻor obraizni Ravshan Ibragimov, Sadoqatni esa Zilola Abdullayeva va boshqalar ijro etishdi. Spektaklning musiqiy bastakori Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy Madaniyat Xodimi Karima Uzoqova, dirijori esa “Shuhrat” ordeni sohibi Akmal Toʻrayevdir.

Xulosa qilib aytganda, joriy hafta talabalar uchun madaniy yuksalish va go‘zal taassurotlarga boy bo‘ldi. Barcha talabalarning yakdil xulosasi shu bo‘ldiki, bir oyda kamida bir marta teatrga borish shart! Chunki teatrdan  qalb va shuur ozuqlanadi.