Yangiliklar

img
Wed, 06/07/2023 - 15:09

Hamkorlik davom etadi

Turkiya ta'lim, ilmiy muassasalari bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti o'rtasida hamkorlik aloqalari keyingi yillarda juda kengaydi. Bunday keng ko'lamli hamkorlikni o'rnatishda, tabiiyki, Turkiyaning O'zbekistondagi elchixonasi alohida o'rin tutadi. Elchixona tomonidan ToshDO'TAUga yangi loyihalar taklif etilib, Turkiyaning ulkan ilmiy muassasalari, ta'lim dargohlariga yo'l ochildi. Bunday do'stona aloqalarni o'rnatib, uni rivojlantirishda Turkiyaning O'zbekistondagi elchixonasining ta'lim bo'yicha maslahatchisi  Ali Eyyupkojaning alohida xizmatlari bor.  Alibeyning  jonkuyarligi bois qardoshlarimiz bilan aloqalarimiz yangi bosqichga ko'tarildi, Turkiya universitetlari bilan memorandumlar imzolandi, qo'shma dasturlar, almashinuv dasturlari, malaka oshirish kusrlari, yo'lga qo'yildi. Joriy yilda esa universitetimizning yaqin do'sti Ali Eyyubkojaning O'zbekistondagi missiyalari yakuniga yetadi. Shu munosabat bilan  Ali Eyyubkoja 7-iyun kuni universitetimizga yana bir bor tashrif buyurdi. Alibey an'anaga aylangan do'stona muloqot va yangi loyihalarning muzokaralari bundan keyin ham davom etishini bildirdi. U kelgusida qanday lavozimni egallamasin, albatta, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti bilan yaqin aloqalarni saqlab qolishini, o'zaro do'stlik aloqalari juda mustahkamligini qayd etdi. Amalga oshirilgan ishlardan ko'ra, endi amalga oshiriladiganlari ko'proqligi aytildi.


Shundan so'ng Ali Eyyupkojaga universitet rektori o'zbekona to'n kiydirdi. Xayrlashuv chog'ida muhtaram do'stimiz uchun universitet eshiklari hamisha ochiqligi, samimiy suhbatlarni sog'inishimiz va hamkorlikda hali bundan-da katta loyihalarni  amalga oshirishimiz kerakligi qayd etildi.