Yangiliklar

img
Mon, 11/10/2025 - 20:09

Hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

2025-yil 6-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari Qozog‘iston Respublikasi Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq–Turk universitetida dars mashg‘ulotlari tashkil etdilar. Tashrifdan maqsad — ilmiy hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va talabalarda tarjimashunoslik, tilshunoslik hamda adabiyotshunoslik yo‘nalishlariga qiziqishni yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.

Universitet delegatsiyasi mezbon oliygoh rahbariyati tomonidan samimiy kutib olindi. Avvalo, Terminologik lug‘atlar tayyorlash va tarjima markazi rahbari Rustam Ashimov mehmonlarni universitet hayoti, ilmiy yo‘nalishlari va talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng, Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Dadajonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Alisher Navoiy nomidagi universitet bilan imzolangan memorandum doirasida olib borilayotgan qo‘shma ilmiy ishlar, professor-o‘qituvchilarning mahorat darslari, talabalar almashinuvi va ilmiy loyihalar haqida so‘z yuritildi.

Professor-o‘qituvchilar o‘z yo‘nalishlariga muvofiq fakultet va kafedralarda mashg‘ulotlar olib borib, talabalarga tarjima amaliyoti, til va madaniyat uyg‘unligi, adabiy asarlarni tahlil qilish bo‘yicha ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berilib, o‘zaro tajriba almashildi. Uchrashuvlar ilmiy muloqot, do‘stona muhit va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi.

Shuningdek, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadbirlar, ilmiy konferensiyalar va talabalar almashinuv dasturlarini rivojlantirish borasida kelishuvga erishildi.

Safar yakunida professor-o‘qituvchilar Ahmad Yassaviy maqbarasiga ziyorat qilib, Turkistonning boy tarixiy merosi bilan tanishdilar. Mazkur tashrif turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi hamda kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.