
“Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi VI an'anaviy anjuman
Joriy yilning 29-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili va adabiyotini oʻqitish fakulteti O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan “Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi VI anʼanaviy respublika ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi.
Mazkur yig'ilishni ToshDO‘TAU rektori Sh. Sirojiddinov kirish so'zi bilan ochib berdi.
Konferensiyada pedagogika fanlari doktori, professor Q.Yo'ldoshev globallashgan dunyo va adabiy ta'lim haqida so'z yuritib, bugungi zamon pedagogikasini rivojlantirishga bel bog‘lagan yoshlar faqatgina ilm, ilm va yana ilm shiori ostida harakat qilishlarini ta'kidlab o'tdi.
Professor Qunduzxon Husanboyeva “Uzluksiz adabiy taʼlimda uy vazifalari” mavzusidagi maqolasida darslikdagi uy vazifalarini bajarishda o’quvchining faolligi haqidagi bahsli masalani o'rtaga qo'yib, yechim taklif qildi.
Shuningdek, "Xalq eposlarini qiyosiy tahlil asosida o‘qitishning afzalliklari" mavzusida O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi tayanch doktoranti Nazokat Yusufjonova maktab darsliklaridagi dostonlar tuzilmasi va dasturiy infografika bilan tanishtirib oʻtdi.
Respublika ilmiy-anjumanida magistrant va bakalavr talabalar ham so'zga chiqdi. Jumladan, ToshDO'TAU magistranti Jamoliddin Nurmuhammadov "Adabiy laboratoriyalar orqali o'quvchilarni tanqidiy va ijodiy fikrlashga o'rgatish" mavzusida so'z yuritdi. Magistrant Kamola Saidova "Zamonaviy ta'limda Navoiyni tushunish muammosi" mavzusida fikrlarini bayon etdi. O'zbek tili va adabiyotini o'qitish fakulteti 3-bosqich talabasi Samandar Yusupov Isajon Sulton qalamiga mansub bo'lgan "Alisher Navoiy" nomli romani bo'yicha ijobiy fikrlarini bildirib, ayrim mulohazalarini aytib o'tdi. Bugungi kun yoshlarining global ta'lim jarayoniga befarq emasligi milliy metodika taraqqiyotining rivojlanishi uchun xizmat qiladi. Har bir maʼruzachining mavzusi yakunida qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar, eʼtiroz va takliflarini berishdi.
Anjuman ishtirokchilari uchun ilmiy qarashlarga boy bo'lgan ushbu konferensiyada "Global ta'lim va milliy metodika" mavzusi atroflicha o'rganildi. Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi.