Yangiliklar

img
Fri, 04/26/2024 - 21:33

Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti O‘zbek adabiyoti ta’limi kafedrasi tomonidan 2024-yil 26-aprel kuni  “Global ta’lim va milliy metodika taraqqiyoti” mavzusidagi VIII an’anaviy respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Anjumanni universitet rektori akademik Sh.Sirojiddinov ochib berdi va o‘z nutqida bugungi milliy metodikamizning jahon ta’lim tizimidagi metodlar bilan uyg‘unlashgan holda takomillashib borayotgani, milliy metodikamizning bugungi yutuqlari va muammolari haqida gapirdi. Xususan, milliy metodika va maktab darsliklarini xalqaro standartlar asosida isloh qilish, ta’limdagi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish kabi masalalar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, nufuzli davralarda ko‘p bora muhokama qilingan. Bunday xayrli harakatlar farzandlarimizning jahon standartlarida belgilangan mezonlar asosida bilim olishlariga, o‘zbek tili va adabiyoti  ta’limida ham xalqaro standartlardan milliy strategik maqsadlarimizga moslarini tanlab, izchil joriy qilishga, ta’limda yanada samarali natijalarni qo‘lga kiritish uchun, avvalo, xorijiy tajriba asosida uning ilmiy va metodik asoslarini yaratishga imkoniyatlar ochib berdi. Bunday islohotlar, ayniqsa, yoshlarning maqsadli harakatlariga rag‘bat berish barobarida o‘z kuchiga ishonish hissini ham uyg‘otdi. Mazkur an’anaviy VIII anjuman global ta’lim imkoniyatlaridan milliy maqsadlarimizga mos tarzda foydalanib, milliy metodika sohasidagi bo‘lg‘usi tadqiqotlarni rivojlantirishga, milliy manbalarni boyitishga, adabiy ta’limning yangi ilmiy-amaliy asoslarini yaratishga o‘z hissasini qo‘sha olishiga ishonch bildirildi. Anjumanda metodika sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorant hamda magistrantlar so‘zga chiqib, milliy metodikaning dolzarb masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.