Yangiliklar

img
Thu, 09/11/2025 - 18:39

Giyohvandlikka qarshi kurashish bo’yicha yoshlar bilan muloqot o’tkazildi

Yakkasaroy tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida talaba-yoshlar ishtirokida navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Tadbirda Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limi rahbariyati, tuman hokimiyati vakillari hamda universitet talabalarining faol ishtiroki ta’minlandi.
Davra suhbatida bugungi kunda yoshlar hayotida dolzarb bo‘lib qolayotgan muammo — “Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish” mavzusi keng muhokama qilindi. Mutaxassislar giyohvandlikning shaxs, oilaviy hayot va jamiyat uchun xavfli oqibatlari haqida batafsil tushuntirish berib o‘tdilar.
Uchrashuv davomida yoshlarni turli illatlardan asrash, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, giyohvand moddalar ta’siridan ogohlantirish va bu borada keng jamoatchilikni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan ham atroflicha suhbat olib bordilar. Talabalarga amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushunchalar berildi, ularni himoya qiluvchi qonun va me’yoriy hujjatlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

  

Shuningdek, mutasaddilar tomonidan yoshlarning o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishi, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi muhim ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv jarayonida talaba-yoshlarning o‘zlarini qiziqtirgan savollari tinglanib, ularga atroflicha javoblar berildi. Talabalar o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar, shuningdek, mavjud muammolari va takliflarini ham bildirib o‘tdilar.

  

Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashishda faol bo‘lishiga xizmat qildi. Shu kabi davra suhbatlari kelgusida ham muntazam tashkil etilib, yoshlarning jamiyat hayotida faol va ongli ishtirokini ta’minlashga hissa qo‘shishi qayd etildi.