Yangiliklar

img
Fri, 12/19/2025 - 15:17

Giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan keng qamrovli ma’ruza bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktor o‘rinbosari Kayumov Shavket “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida ma’ruza qildi.

Ma’ruza davomida 2020–2024-yillarda dunyoda va mintaqada kuzatilgan narkovaziyat, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq global tendensiyalar hamda ushbu jarayonlarning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari asosida tasdiqlangan 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, uning amaliy ijrosi va ta’lim muassasalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar batafsil yoritildi.

Ma’ruzachi tomonidan 2024–2025-yillarda respublikada kuzatilgan narkovaziyatga oid statistik ma’lumotlar keltirilib, ayniqsa o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida sodir etilgan narkojinoyatlarning sabablari, ijtimoiy omillari va huquqiy oqibatlari atroflicha tushuntirildi. Shu bilan birga, ota-onalar, ustozlar hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan profilaktik tavsiyalar, giyohvandlikning oldini olishda ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va ijtimoiy muhitning o‘rni alohida ta’kidlandi.

 

Mazkur tadbirda universitet tyutorlari, respublika miqyosidagi milliy oliy ta’lim muassasalarining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, mas’ul xodimlar hamda professor-o‘qituvchilar faol ishtirok etdilar. Ishtirokchilar yoshlar bilan ishlashda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, profilaktik ishlarni tizimli va uzluksiz olib borish, shuningdek, talaba-yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

  

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazilib, giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashishda oliy ta’lim muassasalarining mas’uliyati, tyutorlar va ma’naviy-ma’rifiy tuzilmalarning amaliy roli yana bir bor e’tirof etildi. Ushbu ma’ruza yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni zararli illatlardan asrash va sog‘lom jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi muhim ma’rifiy tadbir sifatida baholandi.