Yangiliklar

img
Sat, 06/17/2023 - 16:09

Folklorshunoslik va dialektologiya mutaxassisligi bitiruvchilarining himoyasidan

Bu yil  universitetimizni tamomlayotgan magistrlar orasida Folklorshunoslik va dialektologiya mutaxassisligi bitiruvchilari ham bor.
 
Folklorshunoslik va dialektologiya mutaxassisligi  magistrlarning dissertatsiya himoyasi  jarayoniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani bejiz emas.  
 
Magistrlar folklorshunoslik hamda dialektologiya yo‘nalishidagi dolzarb mavzular ustida ilmiy izlanishlar olib borgan. Ishning maqsad va vazifasi to‘g‘ri shakllantirilgan. Har bir magistrlik ishida asosli xulosalar, keyingi ilmiy ishlar uchun katta ahamiyat ega bo‘la oladigan tahlillar berilgan. Magistrlarning mavzulari yuzasidan ilmiy jurnallarda, xalqaro va respublika konferensiyalarida ilmiy maqolalar nashr ettirilgan. Bu orqali ishning ilmiy ahamiyati, amaldagi faollik darajasi oshirilganligi ko‘zga tashlanadi.


Professor S.Ashirboyev rahbarligida magistrlar Asatullayeva Dilnavozning “Buxoro shevalaridagi fono-morfologik hodisalar talqini”, Isomiddinova Nargizaning “Qoratut shevasidagi idealektlarning o‘ziga xos xususiyatlari (Samarqand viloyati Oqdaryo tumani)” mavzusidagi dissertatsiyalari bugungi kun dialektologiya sohasidagi dolzarb masalalaridan biri shevalarni lokal jihatdan o‘rganilmagan hududlarni tanlash va o‘rganish, tadqiq qilishga qaratilganligi bilan yuqori bahoga tavsiya etildi.  Ilhom Sayitqulov rahbarligidagi Umarova Asilaning  “Nazar Eshonqul hikoyalarida folklorizm stilizatsiyasi” mavzusidagi dissertatsiya folklor motivlarining yozma adabiyotga ta’siri xususida yetarlicha ilmiy-nazariy tahlillarga, xulosalarga ega sifatida baholanishi, mavzuning dolzarb ekanligidan dalolatdir. Magistrant To‘rayeva Diloromning “Usmon Azim she’riyatida baxshiyona ohanglarning milliy asoslari” mavzusidagi tadqiqoti ham yangicha qarashlar, tahlillar, bugungi she’riyat va og‘zaki ijodning uzviyligini dalillaydigan xulosalar bilan to‘ldirilgan. Bunday dolzarb mavzularni yoritishga qaratilgan ishlar a’lo bahoga loyiq topildi.


O‘z ishini puxta tayyorgarlik bilan a’lo bahoga himoya qilgan To‘rayeva Dilorom Folklorshunoslik va dialektologiya kafedrasining professor-o‘qituvchilariga katta minnatdorlik bildirdi. “Ustozlarimizning bergan bilimlari, ilmiy tadqiqotga ishtiyoqimizni oshirganliklari, maslahat va yordamlari tufayli biz bugun magistr akademik darajasini oldik. Ustozlarimiz S.Ashirboyev, M.Raxmatov, I.Sayitqulov, A.Tilavov, Sh.Turdimovlarning saboqlari biz uchun muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi. Kelajakda mutaxassis sifatida ustozlarimizning,  yaqinlarimizning ishonchlarini , albatta, oqlaymiz. Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi qutlug‘ universitetimiz sha'nini himoya qilib, ahu maskandan o‘rganganlarimizni amaliyotga tatbiq etamiz, o‘z ustimizda yana-da ko‘proq ishlaymiz” – deya, o‘z xursandchiligini bayon etdi.