Yangiliklar

img
Wed, 10/21/2026 - 15:52

Firat universiteti bilan ilmiy-akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Turkiyaning Firat universiteti vakillari tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, dotsent Nozliya Normurodova qabul qildi. Uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama diplom berish (Double Degree), ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish, nufuzli ilmiy bazalarda indekslanuvchi jurnallar uchun qo‘shma maqolalar tayyorlash, Turkiyaning ilmiy va texnologik tadqiqotlar kengashi (TÜBİTAK) loyihalarida ishtirok etish hamda qisqa muddatli ta’lim dasturlarini (Microcredential) joriy etish yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi, ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirishi hamda ikki universitetning xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

 

Aytish joizki, Firat universiteti Turkiyaning Elazig‘ shahrida joylashgan yirik oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda universitetda 43 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ulardan qariyb 2 ming nafari xorijlik talabalardir. Muassasa tarkibida 17 ta fakultet va 4 ta institut faoliyat yuritadi.

Universitet xalqaro reytinglarda ham munosib natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2025-yilgi Times Higher Education (THE) fanlararo tadqiqotlar reytingida (Interdisciplinary Science Rankings) dunyo bo‘yicha 201–250-o‘rinlar oralig‘idan joy olgan. Turkiya universitetlari orasida 11-o‘rinni, davlat universitetlari orasida esa 7-o‘rinni egallagan. Shuningdek, universitet yashil rivojlanish va ekologik barqarorlikka qaratilgan UI GreenMetric xalqaro reytingida ham ishtirok etadi.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar.