Yangiliklar

img
Fri, 06/03/2022 - 15:18

“Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiya

Joriy yilning 3-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti magistrantlarining “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusidagi ilmiy-nazariy konferensiyasi bo’lib o’tdi.

Konferensiyani O’zbek filologiyasi fakulteti dekani Baxtiyor Abdushukurov kirish so’zi bilan ochib berdi.

Universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori v.v.b Nodir Jo’raqo’ziyev tashkillashtirilgan anjuman, uning dolzarbligi haqida fikr yuritib, qatnashuvchilarni tabrikladi.

Shuningdek, tadbirda universitet Magistratura bo’limi boshlig’i Rauf Yarkulov ham ishtirok etdi.

Ochilish marosimidan so’ng, so’z navbati yosh olim –magistrantlarga belgilangan mavzulari doirasida ma’ruza qilish uchun berildi.

Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Adabiyotshunoslik yo’nalishi 1-kurs magistranti Gavharoy Murodova “Majolis un-nafois”da keltirilgan Jahonshoh Mirzo va Yoqub Mirzoning davr adabiy muhitidagi ahamiyati” mavzusida, Ilmiy-texnik tarjima mutaxassisligi 1-kurs magistranti Sadaddinov Azimboy “Siyosiy matn tarjimasining nazariy jihatlari” mavzusida  ma’ruza qildi.

Ma’ruzalarga ajratilgan vaqt nihoyasiga yetgach, 8 ta yo’nalish bo’yicha sho’ba yig’ilishlari boshlandi. 

I sho’ba - Mumtoz adabiyotning nazariy masalalari; 
II sho’ba - Zamonaviy o’zbek adabiyotshunosligining nazariy masalalari;
III sho’ba - Jahon adabiyoti, tahlil va talqin muammolari;
IV sho’ba - Badiiy matn tahlili va talqin muammolari;
V sho’ba- Nazariy va amaliy tilshunoslik masalalari;
VI sho’ba - O’zbek tili va adabiyotida o’qitishning zamonaviy usullari;
VII sho’ba -  Tarjima muammolari;
VIII sho’ba - Folklorshunoslik va dialektologiya masalalari.  

Mazkur sho’ba yig’ilishlarida qatnashuvchi har bir ishtirokchi o’z maqolasi haqida qisqacha bayonot berdi.

Yig’ilishda ishtirokchilarga sho’ba raislari tomonidan mavzu doirasida savollar berildi. Shundan so’ng, magistrantlarni sho’ba raislari baholagan tartibda taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.

Konferensiya yakunida barcha ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlandi. 

Shuningdek, "Eng yaxshi maqola", "Eng global mavzudagi maqola" kabi nominatsiya g'oliblariga diplomlar topshirildi.

Konferensiyadan ko'zlangan maqsad amalga oshirildi. Xulosa o'rnida, yosh tadqiqotchilar izlanishda davom etishlari, yangi ilmiy kashfiyotlar yaratishlari uchun mazkur konferensiya amaliy ko'mak bo'ldi, deyish mumkin.