Yangiliklar

img
Thu, 05/18/2023 - 19:05

Etnosport turlarini ommalashtirish zarurati

So‘nggi paytlarda mamlakatimizda an’anaviy sport turlari bilan bir qatorda etnosport, ya’ni milliy sport turlari ham jadal rivojlanayotir. Yurtimizning turli burchaklarida ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan milliy sport musobaqalari va o‘yinlari tez-tez tashkil etib kelinmoqda. Bu boradagi ishlar ayniqsa Prezidentimizning 2022-yil 25-maydagi “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroridan so‘ng yanada jadallashdi. 
2023-yilning 18-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida etnosportning arqon tortish, o‘rtaga tushar, beshtosh singari turlari bo‘yicha qizlar o‘rtasida ajoyib musobaqa tashkil etildi. Universitet xotin-qizlar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan milliy o‘yinlar tanlovida  xalq o‘yinlarining mohiyati va ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy jihatdan o‘rni haqida tushunchalar ham berildi. Xalq orasida yuzlab o‘yinlarimiz mavjud bo‘lganki, ularning har biri o‘ziga xos jismoniy va ma’naviy ahamiyatga ega. Ajdodlarimiz hayoti davomida mashg‘ul bo‘lib kelgan har bir milliy sport turlarida oriyat va halollik kabi insoniy xislatlar mujassamdir. Xalq o‘yinlarimiz qonun-qoidalari va shakl-u shamoyili bilan ham shu qadar mukammal shakllanganki, deyarli barcha milliy sport turlarimizni hakamlarsiz o‘ynash va undan zavqlanish mumkin. Yakuniy natijalarga ko'ra 3-o'rin Xoljigitova Nilufarga, 2-o'rin Astanaqulova Nuriyaga, faxrli 1-o'rin Mirzayeva Madinaga nasib etdi. 


Bugungi milliy o‘yinlarda g‘olib bo‘lgan barcha talabalar esdalik sovg‘alari, diplomlar bilan taqdirlandilar. 


Milliy va an’anaviy sport turlarini, xalq o‘yinlarini tiklash, rivojlantirish, ularning yagona tartib-qoidalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etish, shuningdek aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga barchamiz birdek mas’ulmiz.