Yangiliklar

img
Sat, 12/27/2025 - 14:53

Erasmus+ning TYM natijalariga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi

2025-yil 27-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Erasmus+ning Texnik yordam missiyasi (TYM) natijalariga bag‘ishlangan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.  Mazkur tadbir 2025-yil 4–5-dekabr kunlari Oliy ta’lim vazirligi, Erasmus+ Milliy ofisi va ToshDO‘TAU hamkorligida Yevropa Ittifoqi ko‘magida o‘tkazilgan “Inklyuziv xalqarolashtirish” mavzusidagi texnik yordam missiyasi seminarida ilgari surilgan xulosalar va tavsiyalarni umumlashtirishga qaratildi. Seminar o‘zbek tilida tashkil etilib, oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv xalqarolashuv yondashuvlarini amaliyotga tatbiq etish, xalqaro tajribalarni milliy kontekstda sharhlash va institutsional darajada joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Qayd etilishicha, Texnik yordam missiyasi ingliz tilida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Yevropa oliy ta’lim makoni doirasidagi xorijiy ekspertlar Ninoslav Shchukanets Shmidt va Ana Skledar Matyevich ishtirok etgan. Ular dastlabki sessiyada tenglik, adolat, inklyuziya va ijtimoiy yo‘nalish tushunchalarining EHEA siyosatidagi o‘rni, shuningdek inklyuziv xalqarolashuvning global oliy ta’lim tizimidagi strategik ahamiyatini tahliliy misollar asosida yoritib bergan edilar.

27-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn seminar davomida ushbu yondashuvlar milliy oliy ta’lim tizimi sharoitida muhokama qilinib, inklyuziv xalqarolashuvni oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga moslashtirish, akademik mobillik va “uyda xalqarolashuv” jarayonlarida teng imkoniyatlarni ta’minlash, ta’lim sifati va akkreditatsiya jarayonlarida inklyuziv tamoyillarni kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Tadbir doirasida ISFT Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Ozod Qurbonov oliy ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro loyihalar doirasida inklyuziv yondashuvlarni qo‘llash masalalariga to‘xtaldi, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining Marketing kafedrasi dotsenti Zumrad Usmanova esa ta’limda teng imkoniyatlar va ijtimoiy inklyuziya tushunchalarining zamonaviy oliy ta’lim dasturlaridagi o‘rni va u faoliyat olib borayotgan OTMda bu borada amalga oshirilgan ishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

  

Seminar doirasida ToshDO'TAUning ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, Oliy ta’lim islohotlari bo‘yicha ekspertlar jamoasi (HEREs) a'zosi Nozliya Normurodova tomonidan “O‘zbekiston manzarasi: mahalliy universitetlarda xalqarolashtirish jarayonlarini xaritalash” mavzusida ma’ruza taqdim etildi. Ma’ruzada O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida xalqarolashtirish jarayonlarining real holati tahlil qilinib, institutsional darajada mavjud yondashuvlar, ularning qamrovi va amaliy samaradorligi masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, xalqarolashtirishning faqat akademik mobillik bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim dasturlari, boshqaruv, tadqiqotlar hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun teng imkoniyatlar yaratish bilan uzviy bog‘liqligi ochib berildi. Shuningdek, Texnik yordam missiyasi doirasida xorijiy ekspertlar tomonidan ilgari surilgan diversitet, adolat va inklyuziyaga asoslangan yondashuvlarni milliy kontekstga moslashtirish, ularni universitetlar strategiyasiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish va “uyda xalqarolashuv” mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ilgari surildi.

  

Seminar yakunida Texnik yordam missiyasi natijalari asosida umumlashtirilgan hisobot tayyorlash, mas’ul tashkilotlar uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hamda oliy ta’lim muassasalari uchun inklyuziv xalqarolashuvga doir institutsional yo‘riqnomalar va strategik takliflarni shakllantirish rejalashtirildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida tenglikka asoslangan va barqaror xalqarolashuvni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.