
"Eng mazali milliy taom" tanlovi tashkil etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijlik talabalar ishtirokida “Eng mazali milliy taom” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekiston bag‘rikeng diyor” konsepsiyasi doirasida tashkil etilib, do‘stlik, madaniy almashinuv va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratildi.
Tanlovda AQSh, Norvegiya va Fransiyadan kelgan talabalar ishtirok etdi. Ular o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdilar. Somsa, manti, xonim kabi milliy taomlar pishirilib, tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. Talabalar nafaqat taom tayyorlash jarayonini ko‘rsatdilar, balki ularning tarkibi, foydali xususiyatlari va o‘ziga xos tayyorlanish sirlarini ham taqdim etdilar.
Jarayon davomida talabalarning milliy taomlarga bo‘lgan qiziqishi va mehr-muhabbati yaqqol sezildi. Har bir ishtirokchi o‘ziga xos uslubda taomni tayyorlashga harakat qilib, milliy taomlarimizning xilma-xilligi va mazaliligini namoyish qildi.
Bellashuv yakunida amerikalik talaba Stiven Huver o‘zi tayyorlagan xonim taomi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘olib va ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu tadbir milliy taomlarimizni xorijlik yoshlarga keng targ‘ib qilish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirish va o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.