Yangiliklar

img
Wed, 09/17/2025 - 17:51

Ekologik madaniyat – sog‘lom hayot garovi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida ekologik tarbiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Kusherbaev Rasul Xidralievich mehmon sifatida ishtirok etdi va talabalarga o‘zining boy tajribasi asosida ma’lumotlar berib, ular bilan samimiy davra suhbati o‘tkazdi.
Suhbat davomida “Tabiatni asrash – inson burchi” hamda “Ekologik madaniyat – sog‘lom hayot garovi” mavzularida atroflicha fikr yuritildi. Rasul Xidralievich barqaror rivojlanish jarayonida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarda tabiatga e’tiborli munosabatni shakllantirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, talabalar bilan muloqot jarayonida atrof-muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishi, “yashil hayot tarzi”ni shakllantirish, har bir insonning tabiat oldidagi shaxsiy mas’uliyati kabi masalalar keng muhokama qilindi.
Talabalar tadbirda o‘z fikr va takliflarini bildirishdi, turli g‘oyalari bilan o‘rtoqlashishdi hamda mutaxassisdan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.
Mazkur tadbir yoshlarda ekologik ong va madaniyatni rivojlantirish, tabiatga mehr bilan qarashni shakllantirish, ularni ekologik muammolarni hal etishda faol bo‘lishga undashga xizmat qildi.