Yangiliklar

img
Tue, 04/23/2024 - 21:18

Dunyoning eng nufuzli universitetlari bilan hamkorlik

Ta’lim sifati, ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha dunyoning eng yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish rivojlanayotgan OTM uchun juda muhimdir. Qolaversa, xorijlik abituriyentlar uchun ToshDOʻTAUning jozibador jihatlarini koʻrsatish, ularni Oʻzbekistonga jalb qilish ham dolzarb masala hisoblanadi. Bu borada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga Xitoyning “Prezident Liu” tashkiloti koʻmaklashadi. 
Joriy yilning 23-aprel kuni universitetimizda mazkur tashkilot rahbari  Akma (Ma Jianguo) boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻldi. 
Mehmonlar dunyoning istalgan davlatidagi OTMlar bilan ToshDOʻTAU oʻrtasida koʻprik boʻlishga tayyorliklarini bildirdilar. Shuningdek, nafaqat Xitoy, balki Osiyo va Yevropaning istalgan davlatida ToshDOʻTAU ta’lim yoʻnalishlariga mos hamkorlar topish, qoʻshma dasturlar, hamkorlikda anjuman va simpoziumlar tashkil etish borasida koʻmaklashishga va’da berdilar.

 

Oʻz navbatida, ToshDOʻTAUda xorijlik talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularga taklif etilajak imtiyozlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, universitetlar har doim ham oʻzaro hamkorlar topish borasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirisha olmaydi. Bunday vaziyatda esa ta’limni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar vositachilik qiladi. “Prezident Liu” tashkiloti ham ana shunday xayrli va foydali faoliyat bilan shugʻullanuvchi va dunyoning eng nufuzli OTMlari bilan aloqa oʻrnatgan tashkilotdir.