Yangiliklar

img
Sat, 08/20/2022 - 11:51

Do'rmon hayratlari

Joriy yilning 17-19 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Do‘rmon ijodkorlar uyida Respublika yosh ijodkorlarning an’anaviy yigirma beshinchi seminari boshlandi. Seminarda she’riyat, nasr, badiiy tarjima, dramaturgiya, badiiy publitsistika, bolalar adabiyoti, adabiyotshunoslik kabi sho‘balar faoliyat olib bordi. Seminarda universitetimizning 8 nafar ijodkor  nafar talabasi ishtirok etdi. Seminar haqida adabiyotshunoslik yo‘nalishida ishtirok etgan Orifjon Olimjanov o‘z mulohazalarida quyidagilarni keltirib o‘tdi: “Biz 3 kunlik treninglar davomida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov, adabiyotshunosligimizning zabardast vakillari Suvon Meli, Nurboy Jabborov kabi ustozlarimizdan milliy adabiyotimizni yanada yuksaltirish, qanday adabiy mezonlar bilan ijod qilish lozimligi, o‘quvchiga nimani taqdim etish lozim-u, nimani taqdim etish nojoizligi, adabiy tanqidning adabiyot taraqqiyotidagi o‘rni haqida suhbat qurdik, savollarimizga javob oldik. Bu esa bizning, albatta, kelgusidagi ijodiy faoliyatimizda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi”. 


Badiiy tarjma yo‘nalishida ustozlar e’tirofini qozongan, Astrid Lindgrenning “Uzunpaypoq Peppi” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan talabamiz Shohrux Usmonov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, quyidagilarni qayd etdi: “Badiiy tarjima va uning mashaqqatlari haqida ustozlarimizdan zaruriy saboqlarni oldik. Olgan saboqlarimizni esa kelgusidagi faoliyatimiz davomida amaliyotga tatbiq etamiz”. 


19-avgust kuni 2021-yilgi Respublika yosh ijodkorlarning seminarida faol qatnashib, ijodiy ishlari nashr etishga tavsiya etilgan 25 ta yosh ijodkorning “Birinchi kitobim” ruknidagi kitoblari taqdimoti bo‘ldi. Ushbu 25 nafar ijodkorning naq 5 nafari bizning universitet talaba va magistrlaridir. Xususan, Rashid Xo‘jamovning “Al’omon”,  Navro‘za Muhammadxo‘jayevaning “Qo‘shiq”, Gulhayo Anorovaning “Aks-sado”, Shahzod Jo‘rayevning “Yulduzli maktub”, Sevinch Avazovaning “Kulgichimda otadi tonglar” nomli birinchi kitoblari Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” jamoat fondi tomonidan 10 ming nusxada chop etilgan. Ushbu yoshlarga Ibrohim G‘afurov, Usmon Azim, Isajon Sulton, Salim Ashur, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Zulfiya Mo‘minovalar oq fotiha berishdi.