
Dolzarb ilmiy mavzularda ma’ruzalar tinglandi
2025-yil 2-iyun kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi qoshidagi ilmiy-nazariy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar ilmiy izlanishlar natijalarini muhokama qilish, dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Seminarda Tozagul Matyoqubova “Adabiyotshunoslikda ilmiy tadqiqot usullari” mavzusida ma’ruza qilib, ilmiy yondashuvlarning nazariy asoslariga to‘xtaldi. Shoira Xodjayeva erkalash iboralarining leksik-semantik sathda ifodalanishini tahlil qilib, ularning tilshunoslikdagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Gulnoza Xudayqulova esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asaridagi frazeologik birliklarning semantik xususiyatlarini ochib berdi. Madina To‘xtamurodova tomonidan esa o‘zbek va ingliz tillarida tabuning ijtimoiy-madaniy aspektlari chuqur tahlil qilindi.
Seminar nazariy bilimlarni boyitish, ilmiy fikrni rivojlantirish va tarjimashunoslik sohasida izlanayotgan tadqiqotchilar o‘rtasida fikr almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.