Yangiliklar

img
Thu, 12/04/2025 - 19:02

Doktorantlar uchun samarali ilmiy maydon

2025-yil 3-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi doktorantlarining navbatdagi ilmiy-metodologik seminari o‘tkazildi. Tadbir ilmiy, nazariy va metodologik yo‘nalishga ega bo‘lib, doktorantlarning ma’ruzalarni tinglashi, tahlil qilishi, o‘zaro bilim hamda tajriba almashinuvi uchun muhim maydon vazifasini bajardi.

Seminarda tayanch doktorantlar o‘z izlanishlari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etdilar. K. Sayfiyeva  “O‘zbek va ingliz tilidagi fitonim birikmali maqollarning lingvokulturologik xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qilib, har ikki tildagi fitonim komponentli maqollar misolida lingvokulturologik jihatlarni batafsil yoritdi. R. Turdiyeva “O‘zbek, qoraqalpoq, ingliz tillaridagi zoonim komponentli maqollarning lingvokognitiv xususiyatlari” mavzusidagi chiqishida uch tilda uchraydigan zoonimli maqollarni qiyosiy tahlil qilib, ularning o‘xshash va farqli tomonlarini ilmiy asosda izohladi. S. Tusunova “O‘zbek tilida ironik mazmun ifodalash usullari” mavzusidagi ma’ruzasida ironiya mohiyati, unga yaqin hodisalar hamda kinoya va istehzo kabi birliklarning nutqdagi ifoda imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. So‘nggi ma’ruza “O‘zbek tilida tasviriy ifodalarning kognitiv mexanizmi” bo‘lib, O‘. Utegenova tasviriy ifodalar tasnifi, badiiy matnda ularning modifikatsiyasi va kognitiv talqini yuzasidan izohlar berdi. Barcha ma’ruzachilar nazariy jihatlarni misollar bilan dalillab tushuntirdilar.

 

Seminarga raislik qilgan f.f.d. professor v.b. M. Abjalova ma’ruzachilar ilmiy ishlari yuzasidan tavsiyalar berdi. Shuningdek, u “korpusga asoslangan metod” va “korpus tahlili” o‘rtasidagi farqlarga to‘xtalib, birinchi metodda korpus faqat tadqiqotning ma’lum qismida vosita sifatida qo‘llanishi, ikkinchisida esa obyekt sifatida tadqiq qilinishi lozimligini tushuntirdi. Amaliy ko‘nikmalar “Uzbek Language Multicorpora” platformasida namoyish etilib, undagi qidiruv turlari va imkoniyatlari ishtirokchilarga ko‘rsatib berildi. Professor ilmiy metodologiyaning ahamiyatini alohida qayd etib, metodlar mohiyati haqida chuqurroq tasavvur hosil qilish uchun “Tilshunoslikning mantiqiy asoslari” qo‘llanmasi bilan tanishishni tavsiya qildi.

 

Seminar savol-javoblar, tavsiyalar va ilmiy muhokamalar bilan boyitildi. Ishtirokchilar tadqiqot metodologiyasi, izlanishlarni rejalashtirish, manbalar bilan tizimli ishlash, ilmiy natijalarni tahlil qilish va xulosalash bo‘yicha foydali maslahatlar oldi. Tadbir doktorantlar uchun o‘z ilmiy loyihalarini taqdim etish, mentorlar va hamkasblar bilan muloqot qilish imkonini yaratib, ularning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Seminar ilmiy bilimlarni chuqurlashtirish va metodologik ko‘nikmalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan nihoyatda samarali bo‘ldi.