Yangiliklar

img
Fri, 04/28/2023 - 15:05

Dissertatsiyalar mavzulari muhokama qilindi

Ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali boshqarishni muvofiqlashtirish maqsadida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Universitet Ilmiy-texnikaviy kengashining yangilangan tarkibdagi  yig‘ilishi o‘tkazildi. 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3O4-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’limdan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq  stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura,  doktorantura, mustaqil izlanuvchilik shakllarida o‘qishga qabul qilingan tadqiqotchilarning dissertatsiya  mavzulari soha mutaxassislari,   yetuk olimlar tomonidan muhokama qilindi.  
O‘zbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida kengashga taqdim etilgan mavzularning dolzarbligi,   ilmiy muammoning qo‘yilishi, ilmiy-amaliy ahamiyatiga asosiy e’tibor qaratildi. 
Kengash a’zolari tomonidan  o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti, matnshunoslik va adabiy manbashunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik, ta’lim, tarbiya nazariyasi va metodikasi,  til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasining istiqbollari bilan bo‘g‘liq ilmiy muammolarni aniqlash, tadqiq etish, natijalarini ommalashtirish  va olib boriladigan tadqiqot ishlari   ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.


Kengashda ko‘rib chiqilgan ayrim dissertatsiya mavzulari  takomillashtirildi, ayrim mavzular ilmiy rahbarlar va ilmiy maslahatchilar tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan  o‘ndan  ortiq monografiya va risolalar universitet kengashiga tavsiya etildi.