Yangiliklar

img
Sun, 05/22/2022 - 20:10

DILKASH SUHBATLAR

4-son
Qadrli talabalar! Xabaringiz bor, har yakshanba kuni universitetimizda faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar bilan suhbat tashkillashtirilmoqda. Bugungi mehmonimiz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti  Xotin-qizlar kengashi raisi, filologiya fanlari doktori Gulnoza Jo‘rayeva bo‘ladilar!


― Assalomu alaykum, Ustoz salomatmisiz?! Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklaymiz! Hamisha bugungidek yosh, go‘zal bo‘lib yuring!
―Assalomu alaykum, Gulnozaxon, yaxshimisiz?! Rahmat kattakon, e’tiboringizdan mamnunman!
― Ustoz, sevimli talabalaringiz iltimosiga binoan, Siz bilan suhbat uyushtirmoqchimiz!
― Juda xursandman, marhamat!
― Bugun yakshanba, Ustoz, talabalik yillaringizda dam olish kunini qanday o‘tkazar edingiz?
― Talabalik ― hayotimning oltindan qimmat, bebaho davri bo‘lgan. 1994-yilda talabalik baxtiga erishdim. Hozir eslashga harakat qilyapman, qachon dam olish kunida maxsus nimadir bilan shug‘ullangan ekanman? Yodimda bori, doimo ish bilan band bo‘lganman.
― Kasbiy faoliyatingizni qachondan boshlagansiz?
― Birinchi kursligimda kutubxonaga ishga kirganman va bu ish barobarida repetitorlik bilan ham shug‘ullanganman. O‘qish va ikkita ish bilan umuman bo‘sh vaqtim bo‘lmagan. Ma’lumki, faqat yakshanba kuni bo‘sh vaqtim bo‘lishi mumkin edi. Lekin har kuni o‘qish va ishda bo‘lganligim uchun yakshanba kuni tozalik, uy yumushlari bilan band bo‘lardim. Talabalik davrimda buvimning uyida yashaganman. Bilim olishim va ishlashim uchun juda yaxshi sharoit yaratilgan ediki, men bemalol hammasiga ulgura olardim.
― Kutubxona, kitoblar bilan ishlash juda zavqli bo‘lsa kerak. U davrlarda kitobga muhabbat ham bo‘lakcha bo‘lgan-da!
― Men kutubxonada ishlab zavq olardim. Birorta yangi kitob kelib qolsa, uni o‘qish uchun bo‘sh vaqt yaratishga harakat qilardim. Iloji bo‘lsa, shu kutubxonada qolib bo‘lsa ham tugatsam derdim. Mana hozir aytamanki, talabalik yillarimda yaxshiyam ko‘p kitob o‘qigan ekanman. Bugun katta hayotda yashab, kasbiy, oilaviy muammolar bilan, bo‘ladi-da baribir, kitob o‘qishni istasam-da, ba’zan vaqt topa olmayman. U davrlarda chindan ham kitobga muhabbat bor edi. Kimdir majburlab, urushib kitob o‘qitganini eslay olmayman. Hozirgi talabalarimizda ham kitobxonlik madaniyatining shakllanayotgani juda quvonarli. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan "Yosh kitobxon" ko'rik-tanlovi ham yurtimizda kitobxonlikning rivojlanishi uchun juda katta omil hisoblanadi.
― Hozirgi davr yoshlariga imkoniyatlar berilmoqda, unumli foydalanish har birimizning o'z qo'limizda. Quvonarlisi, universitetimizning iqtidorli talabalari bu tanlovlarda qatnashib g'olib bo'lib kelmoqdalar. Talabalik davringizda ham o‘qib, ham ishlashga ulgurganmisiz? Universitetlarda bilim uchun talab ham ancha kuchli bo‘lgan, bilishimcha.
―Hech narsaga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi, Gulnoza! Nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechishing kerak, deyishadi. Men esa, tabiiyki, ikkisidan ham ― na o‘qish va na ishimdan voz kecha olmas edim. Faqatgina, bor imkoniyatimdan yuqori darajada foydalanishga harakat qilar edim. Ikkinchi kursligimda maktabga ishga kirdim. Kutubxonani juda yaxshi ko‘rganim uchun u yerdan keta olmadim. Maktabda dars berish, kutubxona, o‘qish bilan kunlarim shu qadar qiziqarli o‘tardiki, ta’riflab bera olmayman. Har biriga ulgurish uchun, hatto daqiqalarimdan ham unumli foydalanishni istardim.
― Ajoyib, insonning vaqtini behuda sarflovchi internet bo‘lmagan kunlardan esdalik xotiralar. Ustoz, bugungi kun talabalariga dam olish kunini qanday o‘tkazishni maslahat berasiz?
― To‘g‘ri, talabalik paytimizda internet bugungi kunchalik ommalashmagan, telefonning bugungidek hammada turfa rusumlisi bo‘lmagan. Bugun hammasi risoladagidek. Texnikalar hamma vazifani bajaryapti. Lekin har qanday davrda texnika o‘zgarsa, rivojlansa ham inson insonligicha qolyapti-ku! Insonlar hozir ham xuddi avvalgidek kitob o‘qish qobiliyatiga ega! Eng avvalo, inson o‘z oldiga maqsad qo‘yishi kerak. Har tongda  o‘sha maqsadi bilan uyg‘onishi kerak. Men darsga kiradigan guruhlarimga doimo shuni ta’kidlayman, inson har kuni bajaradigan ishlarini kundalik reja qilib qo‘yishi kerak. Har bir odam tongda uyg‘onganidan, tunga uyquga yotishigacha kunini hisob-kitob qilib qo‘yishi kerak. Rejali kunda amalga oshmaydigan ish qolmaydi. Odam oldiga maqsad qo‘yib, unga intilar ekan unumdorlik bo‘ladi. Bu hayotimda sinalgan usul. Doimiy ravishda, har kuni, hatto hozirgacha kunimni rejalab yuraman. Yana, talabalarimizga til o‘rganishlari juda muhim ekanligini eslatib o‘tmoqchiman. Sayohat, kino, teatrlar talabalik davri uchun zaruriy jarayonlar deb hisoblayman. O‘zim doimiy ravishda talabalar uchun bepul teatrlarni e’lon qilib, borishlariga da’vat etaman. Ba’zan hayron qolaman, nega ular bu imkoniyatdan foydalanishmaydi? Aziz talabalar! Har bekor o‘tayotgan daqiqangizning qadriga yeting! Shu bekor soatlarni hech bo‘lmasa teatr uchun sarflangki, ma’naviyatingiz uchun foyda bo‘lsin! Universitetimizda bepul turk tili kurslariga qatnashib, sertifikatlarni qo‘lga kiriting! Hozir ko‘pchilik talabalar uyquda. Uyg‘oning, hurmatli talabalar, vaqt juda tez o‘tmoqda. Bu g‘animat davrdan bajargan ishlaringiz, borgan joylaringiz, tanishgan insonlaringizgina yodingizda qoladi.
― Ajoyib! Haqiqatan, bu g‘animat davrdan bajargan ishlaringiz, borgan joylaringiz, tanishgan insonlaringizgina yodingizda qoladi. Ustoz, Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida suhbatlashsak. Bu kabi imkoniyatlarni yaqin yuz yillikdagi ayollar, onalarimiz hatto o‘ylashga botina olishmagan. Biz shunday davrda yashayapmizki, yurtimiz ayollari e’zozda! 
― Albatta, juda to‘g‘ri gap aytingiz. Prezidentimizning, ayniqsa, ta’lim tizimidagi xotin-qizlarga yaratiladigan sharoitlari haqidagi qarorlari bugun ilm-fan ahli ichida juda katta hayajon bilan kutib olinganini alohida e’tirof etish lozim. Quyida keltirilgan imkoniyatlar, avvalo, ta’lim olish istagida bo‘lgan xotin-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchidan, ilmiy ish bilan shug‘ullanish istagi, salohiyati bor xotin-qizlarimizni cheksiz quvontirgani shubhasiz: 
— yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m);
— har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;
— har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi;
— yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;
— doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi;
— har yili xotin-qizlar talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi.
Qani aytingchi, Gulnoza, bu imkoniyatlar berilishi mumkinligini kim o‘ylab ko‘rgan edi? Shaxsan men, umuman tasavvurimga keltira olmaganman. Xo‘sh, aziz yoshlar, qizlar, bu imkoniyatdan o‘rinli foydalanish uchun harakatni boshladingizmi? Siz yaxshi niyat bilan harakatni boshlang, hammasini uddalaysiz! Universitetimizdagi barcha qizlarni bilaman, taniyman va ularga ishonaman! Sizlar buni albatta uddalaysiz!

― Biz xotin-qizlarga ishonib, barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga ming rahmat! Universitetimizda ham xotin-qizlarga bo‘lakcha e’tibor qaratib, barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan rektorimizga ming rahmat! Haqiqatan, biz yoshlardan harakat qilishgina qolgan, xolos. Suhbatga vaqt ajratganingz uchun, motivatsiya, yangi ma’lumotlar uchun Sizga kattakon rahmat, Ustoz! Ilmiy va kasbiy faoliyatingizga omad tilayman!
― Rahmat, Gulnoza! Berilgan imkoniyatdan unumli foydalanish har biringizni qo‘lingizdan keladi! Faqatgina harakat qiling! Uddalang!

 Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti  Xotin-qizlar kengashi raisi, filologiya fanlari doktori  Gulnoza Jo‘rayeva  bilan Gulnoza Karimova suhbatlashdi.