Yangiliklar

img
Sun, 04/10/2022 - 15:58

Dilkash suhbatlar

1-son

Qadrli talabalar! Har yakshanba kuni universitetimizda faoliyat ko'rsatayotgan professor-o'qituvchilar bilan suhbat tashkillashtirilmoqda. Taklif va mulohazalaringizni izohlarda yozib qoldiring. Bugungi suhbatdoshimiz O'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev bo'ladilar:

― Assalomu alaykum, Ustoz!

Va alaykum assalom, xush kelibsiz!

― Vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Mana bugun yoshlar orasida kitobxonlikni targ’ib qilish davlat siyosati darajasiga ko’tarilgani barchamizga ma’lum. Shu munosabat bilan, yaqinda mualliflik kitobingizni kutubxonaga taqdim etdingiz. Bundan biz talabalar juda xursandmiz. Ustoz, bugun Sizga talabalar uchun ajratilgan mustaqil ta’lim tizimi haqida savol bilan yuzlanmoqchiman. 54 yillik tajribaga ega mutaxassis sifatida javobingiz qanday?

Xo’p, endi davlat ta’lim standartlariga binoan, har bir talaba bir haftada jami 54 soat ta’lim bilan band bo’lishi kerak. Amerika, Yaponiya, Angliya kabi rivojlangan mamlakatlarda 16-18 soat auditoriya uchun ajratilgan, qolgan 34-32 soatda talaba o’z ustida mustaqil shug’ullanishi shart va zarur.

― Ya’ni auditoriyadan ko’proq vaqt mustaqil ta’lim uchun ajratilgan.

Shunday, chunki har qanday bilim oluvchi shaxs ilm olishga o’zi intilishi kerak. Mustaqil ta’lim tizimi talabaga shu imkoniyatni berishi kerak, ya’ni talabaga kimdir ma’lumot yetkazib berishini kutishni emas, zarur materiallarni o’zi topib olishga harakat qilishni o’rganishi kerak. Mana shuning uchun, butun dunyo ta’lim tizimi kredit-modulga murojaat qilib, uni yo’lga qo’ydi, xususan,  O’zbekiston ham.

― Demak, asosiy masala yoshlar o’z ustida ko’proq ishlashi kerak.

Albatta shunday. Hozirgi yoshlarda kitobxonlik madaniyati to’g’ri shakllanmagan. Ular qo’llaridagi texnikaga ishonib qolishgan. Zamon qanchalik yengillik yaratsa, ular bundan ham osonrog’i yaratilishini kutishga o’rganib qolishyapti. Darsda biror ma’lumot aytilsa, talaba hatto daftariga qayd qilib qo’ymaydi, chunki u istagan vaqtda qo’lidagi telefondan topa olishiga juda ham ishonadi.

―  Juda to’g’ri gap aytdingiz, Ustoz. Bilamizki, bugungi yoshlarning rivojlangan mamlakatlarga taqlidan bajaradigan jihatlari juda ko’p. Albatta, bunga asosiy sabab OAV ning yuqori tezlikda rivojlanib, har jabhadan xabar berib turganidir.

To’g’ri, endi, hozirgi yosh avlod aytganingizdek, juda boshqacha. Lekin bu vaziyatda men umuman ularni ayblamayman va ayblab bo’lmaydi deb hisoblayman. Sizlar, ya’ni yoshlar ikki dunyo oralig’ida turibsiz. G’arb va Sharq olovi sizlarni arosatda qoldiryapti. Bu dunyoni birlashtirish kerakmi? Yoki olovni o’chirish kerakmi? Yoshlar hozir rivojlanishni nima deb o’ylayotgani bugungi kunda o’zbek millati uchun muammoli savol bo’lib turibdi. Ular ilmdan boshqa hamma narsani rivojlanish deb o’ylayotgani bizning millat uchun juda og’ir. 54 yillik tajribamning yaqin 10 yilligidagi talabalar juda hayratlanarli. Men doim yoshlarga bir narsani baralla aytaman : Bolam, rivojlanishni ilm-texnikadan olish kerak, ommaviy madaniyat, ommaviy axloq bizning millatimiz uchun xos emas!

―  Bularning ham asosiy sababi, G’arbga qilinadigan taqlid texnika vositalarimikan?

―  Yo’q, aslida aybdor― matbuot. Har doim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etib, uzog’i 1 soatlik ma’naviyat haqida tushuncha beramiz. Biroq, televideniyeda dushmanlik, qabohat, nafrat haqida bong uriladi. OTM ga kirgan talabani tarbiyalab bo’lmaydi, chunki u shakllanib bo’lgan shaxs va OTM da o’qiyotgan talaba televizor ko’rmaydi, deyarli. Lekin yosh avlod dunyoni mana shunday zalolatga botgani holda  tasavvur qilib shakllanib qolishiga aksar holatda matbuot aybdor. Saviyasiz serial-kinolar o’sib kelayotgan yosh avlodda ma’rifat-maorif, ilmi va ma’naviyatining yuksalishiga salbiy ta’sir ko’rsatyapti. Mana yuqoridagi gapimning asosi ― yoshlarning o’zi shu yo’lda emas, ularni shu yo’lga boshqarayotgan omillar bor.

― Mana shunday jarayonlarning oldini, albatta,  ilm bilan olishimiz mumkin. Lekin kitob bilan do’stlikni unutgan  yoshlarda bu muammoni hal etish muammoli vaziyatdek.

Bilingki, har narsaning yechimi bor. Yoshlarimizda ilmga intilish, ustozlarda esa ilmga qiziqtira olish xislatlarini tobora o’sishini nazoratga olib, bu yo’lda birlashib qattiq tursak, yoshlardagi eng dolzarb qulf kalitini ocha olamiz. Demak, birinchi navbatda ilm olishni shakllantirish lozim. Ikkinchisi, siyosiy ongimizni shakllantirish. Biz o’zi kimmiz? Mana shu savolga har bir yosh o’zi javob bera olsagina, biz maqsadga yetamiz. Biz o’zbek millatimiz! Men millatni elat, xalq ma’nosida emas, butunlay boshqa ma’noda aytayapman. Millat ― bu e’tiqod masalasi. Uchinchisi, yuqorida aytganimdek, yoshlarda o’ziga imkoniyat yarata olish qobiliyatini shakllantirish. Bu juda muhim, siz va men o’ylaganimdan ham murakkabroq. Bugun, ikki dunyo oralig’ida turgan yoshlarni to’g’ri tomonga yo’naltirish ziyoli qatlam oldida turgan eng katta vazifadir.

― Mazmunli suhbat uchun rahmat, Ustoz!

Salomat bo’ling, muhimi ilm olib, izlanishda davom eting!

Filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev bilan Gulnoza Karimova suhbatlashdi.