Yangiliklar

img
Sun, 04/24/2022 - 18:33

Dilkash suhbatlar

2-son

Qadrli talabalar! Har yakshanba kuni universitetimizda faoliyat ko'rsatayotgan professor-o'qituvchilar bilan suhbat tashkilllashtirilmoqda. Taklif va mulohazalaringizni izohlarda yozib qoldiring. Bugungi suhbatdoshimiz Til nazariyasi kafedrasi katta o'qituvchisi Sabohat Bozorova bo'ladilar!

 −  Assalomu alaykum, Ustoz, salomatmisiz?
 −  Va alaykum assalom! Xush kelibsiz!
 −  
Bugungi suhbatimizga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur!
 −  “Yakshanba suhbati”ga taklif qilishgani uchun qadrli talabalarimizga minnatdorchilik bildiraman. 
 −  
Suhbatimizni Sizga talabalik davringiz haqidagi savollardan boshlamoqchiman, Ustoz. Talabalik yillaringizda dam olish kunini qanday o‘tkazar edingiz? Bu bizga qiziq albatta!
 − Bu savolga javob berishdan oldin talabalik davrim haqida biroz to‘xtalmoqchiman. 1987-1992-yillarda ToshDU (hozir Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) talabasi bo‘lganman.   Bizning talabalik yillarimiz muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan. O‘zbek tilining davlat tili bo‘lishi uchun qizg‘in kurash ketayotgan payt edi. Universitet professor-o‘qituvchilari mashg‘ulotlarda kitoblarga kirmagan, matbuotda yoritilmagan  muhim tarixiy  ma’lumotlarni keltirar, ajdodlarimizning naqadar yuksak zakovat egalari bo‘lgani, dunyo tamadduniga salmoqli ulush qo‘shgani, millatimiz tarixidagi zo‘ravonliklar, kamsitishlar haqida gapirib berar, tarix qayta yozilishi kerakligi, adolat qaror topishi,   siyosat qurbonlarining xotirasi tiklanishi lozimligini ta’kidlar edi. Bunday yondashuv talabalar dunyoqarashini keskin o‘zgartirishi aniq edi.
     Shu  davrda Talabalar shaharchasida o‘tkazilgan yig‘ilishlarning asosiy tashkilotchilari ToshDUning O‘zbek filologiyasi hamda Jurnalistika fakultetlari talabalari bo‘lar edi. (Ularning aksariyati hozirda davlat va jamoat arboblari, taniqli olimlar, mashhur ijodkorlar)   Bunday yig‘ilishlarda milliy o‘zligimiz, tariximizni chuqur o‘rganish, ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, ona tilimizning qadrini baland tutish, ma’naviy qadriyatlarni e’zozlash kabi masalalarda otashin nutqlar so‘zlanar, ziyolilar, ijodkorlar, tashabbuskor talabalar o‘z fikrlarini bildirar, bu borada qilinishi zarur bo‘lgan ishlar   kun tartibiga qo‘yilar  edi.  Bunday chiqishlar bizni   voqealarga teran nigoh bilan qarashga, har bir ishga mas’uliyat bilan yondashishga undar edi. 
 ―
Men hozir til nuqtai nazaridan savol bermoqchiman. Talabalik davringizda tilimiz – o’zbek tiliga munosabat qanday edi? Chunki aynan talabalik davringiz tillar almashinuviga to’g’ri kelgan ekan.
― Biz talaba bo‘lganimizda ham, o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilgan paytda ham tibbiyot darslari rus tilida o‘tilar edi. Aksariyati viloyatlardan kelgan, rus tilini deyarli bilmaydigan talabalarning  bu ma’ruzalarni tushunmasligi hammaga ma’lum bo‘lsa-da, an’anaga muvofiq va tibbiyot bo‘yicha o‘zbek tilidagi darsliklar, o‘quv, uslubiy qo‘llanmalarning yo‘qligi, mutaxassislarning rus tilida ta’lim olganligi sababli darslar shu tilda tashkil qilinar edi. Guruhimiz bilan kelishgan holda, kafedra a’zolarining bu fanni davlat tilida o‘qitishini qat’iy talab qilganmiz va bunga erishganmiz. Shundan keyin mazkur fan davlat tilida oqitila boshlangan, darsliklar, o‘quv va  uslubiy qo‘llanmalar yaratilgan.  
     ―
Va hozirgi kunlar uchun yaqin tarixdan zamin yaratilgan. Ajoyib! Ustoz talabalik sarguzashtlari haqida ham aytib o’tsangiz, chunki u davr va bugungi davr o’rtasida baribir farqlar bor-da!
    ― Albatta, juda katta farqli jihatlar bor. Guruhimizda 60 nafardan ortiq talaba bor edi. Biz juda ahil bo‘lganmiz. Har bir kunni mazmunli o‘tkazishga harakat qilar edik. Dam olish kunlarida aksariyat hollarda teatrlarga borar, spektakllar tomosha qilar edik. Bu jarayonda badiiy asarlarning sahna talqini, san’atkorlarning mahoratiga alohida e’tibor berar edik. Bizning soha mutaxassislari uchun bu juda muhim. Shu bois universitetimiz rahbariyati poytaxt teatrlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Ko‘plab premyeralar, spektakllarga professor-o‘qituvchilar va talabalar taklif qilinadi. Bu tadbirlarda ishtirok etish uchun to‘lov talab qilinmaydi. Jamoamiz a’zolari bu imkoniyatdan unumli foydalanishi zarur.

 ― Menimcha endi bu savolim navbati yetdi. Talabalik yillaringizda dam olish kuni qay tarzda o’tardi? 
 ― Ha, bu savol juda o’rinli. Yakshanba kunlari poytaxtning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab jamoaviy tarzda sayohatlar tashkil qilar edik. Bu sayohatlar davomida yurtimiz tarixiga oid muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdan tashqari o‘zaro munosabatlarimiz ham yanada mustahkamlanar, bir-birimizni yaxshiroq tanir edik. Dam olish kunlari va ta’tillarda yurtimiz tabiatining betakror manzaralaridan ham birgalikda bahra olishga harakat qilganmiz. Talabalik yillarimizda deyarli barcha viloyatlarda bo‘lganmiz. Har bir hududning o‘ziga xos urf-odatlari, madaniyati, hayot tarzi, til xususiyatlarini kuzatganmiz. Bunday safarlardan olingan taassurotlar hayotimizning eng yorqin sahifalarini tashkil qiladi. Sessiya paytiga to‘g‘ri kelgan yakshanbalarda imtihonlarga birgalikda tayyorgarlik ko‘rganmiz va yaxshi natijalarga erishganmiz. 

  ― Bugungi kun talabalariga dam olish kuni uchun nimalarni tavsiya qilasiz?
    ― Talabalarimiz haftaning qolgan kunlaridan unumli foydalanayotgan bo‘lsa, yakshanba kunlarini dam olish, o‘z dunyoqarashini kengaytirish, madaniy hordiq, uy yumushlari, sog‘ligini yaxshilashga bag‘ishlashi mumkin, menimcha. 
 ―
Albatta.
    ― Yana, yakshanba kunlarini kutubxonalarda mutolaa bilan  o‘tkazish foydalidir. Bunda har bir talaba o‘zini qiziqtirgan sohaga oid manbalar bilan tanishishi, badiiy va ilmiy asarlarni o‘qishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, kutubxonalarda tashkil etiladigan tadbirlar, ma’rifiy suhbatlarda qatnashishi mumkin. Kutubxonalarda yaratilgan imkoniyatlar esa havas qilgulik! Shuningdek, har bir insonning o‘ziga xos qiziqishlari bo‘ladi. Yakshanba ana shunday qiziqishlar uchun vaqt ajratish imkoniyatidir. Qiziqishlari mushtarak insonlar bilan o‘tkazilgan vaqt yanada samarali bo‘ladi.
  ―
Talabalik davrida e’tibor qaratilishi kerak bo’lgan jihatlar haqida suhbatlashsak.
 ― Talabalik paytida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlardan biri salomatlikni mustahkamlashdir. Darslar va boshqa yumushlar sabab sog‘likka e’tibor bermaslik to‘g‘ri emas. Kunning asosiy qismini harakatsiz yoki kam harakat bilan o‘tkazamiz. Bu esa sog‘ligimizga salbiy ta’sir qiladi. Yakshanba kunlari ko‘proq jismoniy harakat talab qiladigan ishlarni bajarish, haftaning qolgan kunlarida ham ma’lum soatlarni piyoda yurish va jismoniy harakatlar uchun ajratish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish zarur. Shunday qilinganda sog‘ligingiz yaxshilanishi barobarida miyangiz, telefon va kompyuterga termulib charchagan ko‘zlaringiz  ham dam oladi, kayfiyatingiz yaxshilanadi, tushkunlikka tushmaysiz.
Barchamizga ma’lum, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidiˮ jamg‘armasi I stipendiyalar tanlovi stipendiati sifatida Turkiya Jumhuriyatida malaka oshirgansiz. Ta’lim sohasida qanday farqlarni kuzatdingiz? Shulardan kelib chiqqan holda  talabalarga qanday tavsiyalar berishingiz mumkin?
    − Ikki oy mobaynida  Hoji Bayram Vali, Anqara, G‘ozi, Hojattepa universitetlarida ta’lim jarayonlarini kuzatdim. Professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tingladim, amaliy va seminar mashg‘ulotlarida qatnashdim. O‘zim ham mashg‘ulotlar o‘tdim.Bu universitetlar  Turkiyadagina emas, dunyo ta’lim reytingida ham e’tirof etilgan. Mazkur universitetlar professor-o‘qituvchilarining pedagogik va ilmiy faoliyatini o‘rganganimda aksariyatining xorijiy tillarni mukammal bilishi, ilmiy izlanishlari natijalarini shu tillarda  ham e’lon qilishi, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarida ham ma’ruzalar o‘qishini kuzatdim. Bu esa universitetlar reytingining yanada oshishini ta’minlaydi.  
  ―
Ustoz ta’lim haqida yana bir savol, mana 2 yildan buyon talabalar kredit-modul tizimida o’qishmoqda. Turkiyadagi kredit-modul tizimi haqida fikringiz qanday? 
 ― Xo’p, Turkiya ta’limida kredit-modul tizimiga oldinroq o‘tilgan. Bu tizimda ta’lim beruvchi ham, ta’lim oluvchi ham o‘z huquq va burchlarini yaxshi bilishi lozim. Ongli yondashuv bo‘lgan joyda muammoga o‘rin qolmaydi. Mashg‘ulotlar davomida talabalarning ishtirokini alohida e’tibor bilan kuzatdim. Talabalar ma’ruzalardan boshqa barcha mashg‘ulotlarga berilgan topshiriqlar asosida tayyorgarlik ko‘rar,  savollarga ilmiy va badiiy manbalar tahlili asosida  javob berar ekan.   Mustaqil ta’lim bo‘yicha berilgan topshiriqlar o‘z muddatida va talab darajasida bajarilsagina, baholanar, belgilangan muddatda topshirilmagan va talabga javob bermaydigan ishlar qabul qilinmas ekan. Yakuniy nazoratlar jarayonida bevosita ishtirok etdim. Universitet tomonidan belgilangan qoidaga ko‘ra, yakuniy nazoratda telefon yoki shpargalkadan foydalanishga harakat qilgan talaba nazoratdan chetlashtirilar ekan. Yuztacha talaba ishtirok etgan yakuniy nazoratda bir nafar doktorant nazoratchi sifatida qatnashdi. Biror talaba qoidaga zid harakat qilmadi. Nazorat ishlari belgilangan tartib asosida, yakuniy nazorat uchun ajratilgan  muddatda  topshirildi.
  ―
Sevimli talabalaringizga qalbingizdagi eng iliq hamda ezgu so’zlaringiz!
 ― Talabalik − atrofingizdagi insonlar bilan ma’lum vaqtdagina birga bo‘lish imkoniyati.  Bu muddat tugagach, istasangiz ham, bir joyda bo‘lolmasligingiz mumkin. Shuning uchun bir-biringizni, sizga berilgan imkoniyatni qadrlang, undan unumli foydalaning! Bir-biringizning fazilatlaringizdan o‘rnak oling, kamchiliklaringizni tuzating! Ilmda yaxshi ma’noda raqobatchi bo‘ling, bir-biringizdan o‘zishga intiling! Muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini, o‘zgalarning yutuqlaridan quvonishni o‘rganing! 

 ― Mazmunli suhbatingiz uchun juda ham minnatdorman, rahmat Ustoz! Biz talabalarga ilm nuri, ziyosini tarqatishda aslo tolmang! Suhbatimiz so’nggida talabalar uchun tavsiyalaringizni so’rab qolardim.

― Talabalarga  tavsiyalar berish masalasiga kelsak, avvalo shuni ta’kidlashni istardim: bugungi kun talabalari foydalanishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar cheksiz. 30 yillik pedagogik faoliyatim davomida to‘plagan tajribalarimdan kelib chiqadigan bo‘lsam, bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan,  e’tirofga arziydigan   yutuqlarga erishayotgan talabalarimiz juda ko‘pligini qayd etish o‘rinli bo‘ladi. Ularga men ham havas qilaman.  Lekin sohaga qiziqmaydigan, davomat uchungina kelib-ketadigan talabalar ham yo‘q emas. Talaba fanlardan baho olish uchungina o‘qimasligi, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi kerak. 
    Xorijiy tillarni mukammal bilish – davr talabi. Talabalarga qo‘shimcha adabiyot sifatida boshqa tildagi manba berilsa, ba’zilari tushunishga harakat ham qilmaydi, “Boshqa tilda ekan”, − deb qo‘ya qoladi. Bunday yondashuv to‘g‘ri emas. Hech bo‘lmasa, bitta xorijiy tilni bilgan yaxshi mutaxassis zamon talablariga javob bera oladi, muvaffaqiyatli faoliyat olib boradi. Yurtimizda, shu jumladan, universitetimizda ham xorijiy tillarni o‘rganish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Globallashuv davrida hayotda, jamiyatda o‘z o‘rningizni topishingizda xorijiy tillarni bilishingiz juda ahamiyatli! Buni unutmang! Xorijiy tillarni puxta o‘rganing! Ayni paytda unutmasligingiz kerak bo‘lgan yana bir muhim jihat bor: xorijiy tillarni qanchalik mukammal bilsangiz ham, ona tilimiz 1-o‘rinda turishi shart!
    Badiiy asarlar mutolaasiga alojida ahamiyat berishni ham tavsiya qilaman.
    Faoliyat sohasi sifatida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘proq bo‘lgan sohalarni tanlang! 
    ―
Tashakkur! Bularning barchasi  bugungi kun uchun juda muhim, salomat bo’ling, Ustoz!
     ― Salomat bo’ling! Izlanishdan aslo to‘xtamang! Barchangizga omad yor bo‘lsin!

 
     

Til nazariyasi kafedrasi katta o'qituvchisi Sabohat Bozorova bilan Gulnoza Karimova suhbatlashdi.